Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida patrul-post xizmati xodimlari ikki nafar voyaga yetmagan o‘quvchining huquqlarini buzganlikda ayblanmoqda. Holat yuzasidan ota-onalar IIVga murojaat qilgan, IIBB esa xizmat tekshiruvi boshlanganini ma’lum qilgan.
Gazeta.uz xabariga ko‘ra, 15 va 16 yoshli ikki o‘quvchi savdo markaziga ketayotganida PPX xodimlari tomonidan to‘xtatilgan. Xodimlar ularning cho‘ntaklarini tekshirgan, tanasini paypaslagan hamda o‘quvchilardan birining telefonini olib, Telegram yozishmalari va suratlarini ko‘zdan kechirgan.
Shuningdek, o‘smirlarga ‘‘narkokontrol’’ bo‘limiga olib borilishi aytilib, ota-onalariga qo‘ng‘iroq qilishlariga ruxsat berilmagan. Xodimlar o‘z harakatlarini o‘tkazilayotgan ‘‘Xavfsiz va sog‘lom yurt’’ tadbiri bilan izohlagan.
Bola huquqlari bo‘yicha vakil Surayyo Rahmonovaning ta’kidlashicha, fuqarolarni, ayniqsa, voyaga yetmaganlarni qonuniy asoslarsiz tekshirish, shaxsiy buyumlarini ko‘zdan kechirish va ularga ruhiy bosim o‘tkazish qonunga zid hisoblanadi.
Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati mazkur holat yuzasidan tekshiruv boshlanganini, PPX xodimlarining harakatlariga huquqiy baho berilishini bildirgan. Xodimlar bilan xizmat intizomi va fuqarolar bilan muomala madaniyati yuzasidan qo‘shimcha profilaktik suhbat ham o‘tkazilgan.
Eslatib o’tamiz, avvalroq Samarqandda Malibu haydagan texnikum o‘quvchilari YPX xodimining talabiga bo‘ysunmay, uni haqorat qilgani haqida xabar bergan edik.
