Homilador yoki 3 yoshgacha farzand tarbiyalayotgan talaba qizlarning davlat granti saqlanadi. Shuningdek, ayrim hollarda o‘qishdan chetlashtirilgan talabalar ham avvalgi kursidan ta’limni davom ettirishi, fanlar farqini esa bepul topshirishi mumkin.
Jarayon.uz nashri xabar berishicha, homilador va 3 yoshgacha farzandi bor talaba qizlar uchun oliy ta’lim tizimida bir qator imtiyozlar belgilandi. Ular shaxsiy o‘quv jadvali asosida ta’lim olishi, akademik ta’tildan qaytgach fanlar farqini bepul topshirishi hamda ayrim holatlarda o‘qishdan chetlashtirilganidan keyin ham ta’limni davom ettirishi mumkin.
Shaxsiy o‘quv jadvali keyingi o‘quv yiliga ham uzaytiriladi
Sirtqi, maxsus sirtqi va kechki ta’lim shaklida tahsil olayotgan talabalar uzrli sabablarga ko‘ra fanlarni belgilangan muddatda o‘zlashtira olmasa, ularga shaxsiy o‘quv jadvali asosida ta’lim olish imkoniyati beriladi.
Avval bunday jadval bo‘yicha belgilangan muddat keyingi o‘quv yiliga o‘tmasligi kerak edi. Endilikda homilador va 3 yoshgacha farzandi bor talaba qizlar uchun ushbu muddatni keyingi o‘quv yiliga uzaytirishga ruxsat etiladi. Bunda talabaning davlat granti asosida tahsil olish maqomi saqlanib qoladi.O‘qishdan chetlashtirilgan talabalar ham o‘qishni davom ettirishi mumkin.
Homilador yoki 3 yoshgacha farzandi borligi sababli kursdan kursga qolgan yoxud talabalar safidan chetlashtirilgan talaba qizlarga ham alohida imkoniyat beriladi.
Ular istisno tariqasida qolgan yoki chetlashtirilgan kursidan o‘qishni davom ettirishi mumkin. Bunda:
- fanlar farqini mustaqil o‘zlashtirish uchun 2 yilgacha muddat beriladi;
- fanlar farqini topshirish uchun to‘lov undirilmaydi;
- o‘quv dasturlari, darsliklar va elektron ma’ruzalar taqdim etiladi;
- o‘qituvchilardan HEMIS tizimi orqali onlayn maslahat olish imkoniyati yaratiladi.
Mazkur imkoniyat har bir homiladorlik yoki 3 yoshgacha farzand tarbiyasi holati bo‘yicha bir marta beriladi.
Akademik ta’tildan qaytganlar fanlar farqini bepul topshiradi
Akademik ta’tildan qaytgan homilador yoki 3 yoshgacha farzandi bor talaba qizlarga ham fanlar farqini o‘zlashtirish uchun 2 yilgacha muddat beriladi. Bunda ulardan qo‘shimcha to‘lov undirilmaydi. Shuningdek, talabalar zarur o‘quv dasturlari va materiallari bilan ta’minlanadi.
Qo‘shma ta’lim dasturida chet elga bormasdan o‘qish mumkin
Xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma ta’lim dasturlarida tahsil olayotgan homilador yoki 3 yoshgacha farzandi bor talaba qizlar ham hamkor universitet roziligi bilan xorijga bormasdan o‘qishni davom ettirishi mumkin. Bunda homiladorlik mehnatga layoqatsizlik varaqasi, farzand parvarishi esa bolaning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi bilan tasdiqlanadi.
Talabaning keyingi ta’lim olish tartibi ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi kelishuv asosida belgilanadi.
Eslatib o’tamiz, avvalroq Ikki va undan ortiq farzandi bor yolg‘iz onalarga daromad solig‘i bo‘yicha imtiyoz berilishi haqida xabar bergan edik.
