Jahongir Bahodirov trampolin bo‘yicha Xitoyning Nankin shahrida o‘tkazilgan jahon chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritdi. U 8 karra O‘zbekiston chempioni va 6 karra kubok sohibi ham hisoblanadi.
Namangan shahridagi 1-umumta’lim maktabining 6-sinf o‘quvchisi Jahongir Bahodirov trampolin bo‘yicha jahon chempionatida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Yosh sportchi 6 yoshidan buyon trampolin bilan muntazam shug‘ullanib keladi. U 2025-yilda Ispaniyaning Pamplona shahrida o‘tkazilgan musobaqada bronza medaliga sazovor bo‘lgan. Kuni kecha esa Xitoyning Nankin shahrida tashkil etilgan jahon chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Jahongir Bahodirov Ozarbayjonda o‘tkazilgan terma jamoa yig‘inlarida ham faol ishtirok etgan. Shuningdek, Qozog‘iston va Rossiyada tashkil etilgan musobaqalarda sovrinli o‘rinlarni egallagan.
Hozirga qadar 8 karra O‘zbekiston chempioni va 6 karra kubok sohibiga aylangan yosh sportchining kelgusi maqsadi — Olimpiya o‘yinlarida qatnashish va xalqaro arenalarda O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘tarish.
Avvalroq, gulistonlik talaba belbog‘li kurash bo‘yicha jahon chempioni bo‘lgani haqida xabar bergan edik.
