O‘zbekistonda aholining o‘rtacha yoshi 29,6 yoshni tashkil etmoqda. So‘nggi 16 yilda bu ko‘rsatkich 2,6 yoshga oshgan. Poytaxt aholisi esa mamlakat hududlari orasida eng yuqori o‘rtacha yosh ko‘rsatkichiga ega.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvar holatida O‘zbekiston aholisining o‘rtacha yoshi 29,6 yosh bo‘lgan. Ushbu ko‘rsatkich aholini ro‘yxatga olish natijalari asosida qayta hisoblangan. Avvalgi hisob-kitoblarda o‘rtacha yosh 29,5 yoshni tashkil etgan.
Jinslar kesimida erkaklarning o‘rtacha yoshi 29,1 yosh, ayollarniki esa 30,2 yoshga teng.
Hududlar kesimida aholining o‘rtacha yoshi:
Toshkent shahri — 33,6 yosh;
Navoiy viloyati — 31 yosh;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi — 30,9 yosh;
Buxoro viloyati — 30,8 yosh;
Toshkent viloyati — 30,1 yosh;
Farg‘ona viloyati — 30 yosh;
Xorazm viloyati — 30 yosh;
Sirdaryo viloyati — 29,6 yosh;
Andijon viloyati — 29,3 yosh;
Namangan viloyati — 28,8 yosh;
Samarqand viloyati — 28,4 yosh;
Jizzax viloyati — 27,9 yosh;
Qashqadaryo viloyati — 27,8 yosh;
Surxondaryo viloyati — 27,4 yosh.
Ko‘rsatkichlar orasida eng katta farq Toshkent shahri va Surxondaryo viloyati o‘rtasida kuzatiladi. Poytaxtda aholining o‘rtacha yoshi 33,6 yosh bo‘lsa, Surxondaryoda bu raqam 27,4 yoshni tashkil etadi.
Taqqoslash uchun, 2010-yilda O‘zbekiston aholisining o‘rtacha yoshi 27 yosh bo‘lgan. Demak, 2026-yil boshiga kelib ushbu ko‘rsatkich 2,6 yoshga oshgan.
Eslatib o’tamiz, avvalroq 2025/2026 o‘quv yilida mamlakatdagi oliy ta’lim tashkilotlarida tahsil olayotgan talabalar soni qariyb 1,5 million nafarga yetgani haqida xabar bergan edik.
