Kiberhujum oqibatida Bristol shahridagi 39 ta maktabga tegishli ma’lumotlar o‘g‘irlanib, internetning yopiq qismida e’lon qilindi. Ular orasida maktabgacha ta’lim muassasalari va alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar bilan ishlaydigan tashkilotlar ham bor.
Buyuk Britaniyaning Bristol shahar kengashi joriy yil sentyabr oyida sodir bo‘lgan kiberhujum oqibatida o‘g‘irlangan 320 mingdan ortiq fayl “Darknet” e’lon qilinganini ma’lum qildi.
Hodisa Bristol shahar kengashiga qarashli maktablar foydalanadigan “Trading with Schools” platformasiga uyushtirilgan hujum bilan bog‘liqligi aytilmoqda. Mazkur tizim 21-sentyabr kuni zararli dastur orqali buzib kirilgan. Kengash to‘rt kundan so‘ng platforma faoliyatini to‘xtatgan.
Ma’lum qilinishicha, platformadan foydalangan 88 ta maktabdan 39 tasi ma’lumotlar sizib chiqishi xavfi ostida qolgan. Ular orasida alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar o‘qiydigan Bristol Hospital Education Service va Filton Avenue Nursery School ham bor.
Biroq hozircha qaysi maktablarning aynan qanday ma’lumotlari o‘g‘irlangani to‘liq aniqlanmagan. Kengash mutasaddilari katta hajmdagi fayllarni tekshirish ishlari davom etayotganini bildirgan.
Bristol shahar kengashi ta’lim bo‘limi rahbari Vik Verma ma’lumotlar tarkibi va zarar ko‘rgan shaxslarni aniqlash uchun ishlar olib borilayotganini aytgan.
Hodisa ortidan ota-onalar va maktab xodimlariga ehtiyot choralariga rioya qilish tavsiya etilgan. Jumladan, notanish elektron xatlar va SMS-xabarlardagi havolalarni ochmaslik, shubhali qo‘ng‘iroqlarga ishonmaslik, muhim akkauntlarda murakkab parollardan foydalanish hamda bank hisoblarini kuzatib borish so‘ralgan.
Eslatib o’tamiz, KIUT talabalari va xodimlariga oid ma’lumotlarning “Darknet” platformalarida tarqalganligi haqida xabarlar paydo bo‘lgan edi.
