KIUT universiteti ma’lumotlarining “Darknet”da sizdirilganligi haqidagi xabarlar tasdig‘ini topmagan — rasmiy munosabat

KIUT universiteti ma’lumotlarining “Darknet”da sizdirilganligi haqidagi xabarlar tasdig‘ini topmagan — rasmiy munosabat

Ijtimoiy tarmoqlarda KIUT talabalari va xodimlariga oid ma’lumotlarning “Darknet” platformalarida tarqalganligi haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Holat yuzasidan universitet rasmiy munosabat bildirib, ma’lumotlar sizdirilishi holatining o‘z tasdig‘ini topmaganini hamda texnik tahlil va monitoring ishlari davom etayotganini ma’lum qildi.

 

Ijtimoiy tarmoqlarda Kimyo International University in Tashkent talabalari, xodimlari hamda universitet axborot tizimiga oid maʼlumotlar “Darknet” platformalarida tarqalganligi haqida xabarlar eʼlon qilindi.

 

Holat yuzasidan universitet tomonidan rasmiy munosabat bildirildi.

 

Maʼlum qilinishicha mazkur holat boʻyicha universitetning axborot texnologiyalari, axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik yoʻnalishidagi masʼul mutaxassislari tomonidan zudlik bilan ichki texnik oʻrganish va kompleks monitoring ishlari tashkil etilgan. Olib borilgan dastlabki texnik tahlillar natijasiga koʻra, universitetning axborot tizimlariga noqonuniy kirish, maʼlumotlar bazasiga tashqi taʼsir oʻtkazish yoki talabalar hamda xodimlarga oid shaxsiy maʼlumotlarning sizdirilishi holatlari tasdigʻini topmagan.

 

“Ayni vaqtda universitetning barcha axborot tizimlari belgilangan texnik va xavfsizlik talablari asosida barqaror faoliyat yuritmoqda. Shu bilan birga, ehtimoliy kiber tahdidlarning oldini olish maqsadida qoʻshimcha texnik audit, jurnallar tahlili va kuchaytirilgan monitoring ishlari davom ettirilmoqda” — deyiladi xabarda.

 

Shuningdek, tekshirilmagan, asossiz yoki mutaxassislar xulosasisiz tarqatilayotgan axborotlar jamoatchilik orasida notoʻgʻri tasavvur shakllantirishi, universitet nufuziga putur yetkazishi hamda ijtimoiy muhitga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkinligi alohida taʼkidlangan.

 

“Shu munosabat bilan, barcha ommaviy axborot vositalari, blogerlar va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan axborot tarqatishda rasmiy manbalarga tayanish, xolislik va qonunchilik talablariga qatʼiy rioya qilishlarini soʻraymiz” — deydi universitet rasmiylari.

 

Qoʻshimcha sifatida Kimyo International University in Tashkent axborot xavfsizligi, shaxsiy maʼlumotlar muhofazasi hamda raqamli infratuzilma barqarorligini taʼminlash masalalarini doimiy ustuvor vazifa sifatida davom ettirishini maʼlum qilgan.

 

Avvalroq, “KIUT Job Fair – 2026: Toshkent Kimyo xalqaro universiteti talabalarning bandligini qanday ta’minlamoqda?” sarlavhasi ostida xabar bergan edik.