Pedagoglar murojaati Andijondagi ta‘lim rahbarlari faoliyatini o’rganishga sabab bo‘ldi

Pedagoglar murojaati Andijondagi ta‘lim rahbarlari faoliyatini o’rganishga sabab bo‘ldi

Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rahbariyati faoliyati, kadrlar siyosati hamda ayrim tumanlardagi ta’lim boshqaruviga oid e’tirozlar e’lon qilindi. Mazkur murojaat yuzasidan rasmiy o‘rganish ishlari olib borilmoqda.

 

Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rahbariyati faoliyatidan norozi bo‘lgan pedagoglar nomidan murojaat e’lon qilindi.

 

Unda boshqaruv uslubi, kadrlar tayinlovining qonuniyligi va shaffofligi, maktab direktorlari hamda pedagoglarga munosabat, shuningdek, ta’limga bevosita aloqador bo‘lmagan topshiriqlar berilishi kabi masalalar ko‘tarilgan.

 

Murojaat mualliflari Andijon viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi, Oltinko‘l va Buloqboshi tumanlari ta’lim bo‘limlari rahbariyati faoliyatini xolis o‘rganish, kadrlar siyosatini qayta ko‘rib chiqish va pedagoglar bilan ochiq muloqot tashkil etishni so‘ragan.

 

Shuningdek, murojaatda ayrim rahbarlarning lavozimga tayinlanishi, xizmat vakolatlari va ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq masalalarni ham tekshirish talabi bildirilgan.

 

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi munosabat bildirdi.

 

Vazirlikning ma’lum qilishicha, Andijon viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi, shuningdek, Oltinko‘l va Buloqboshi tumanlari maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlari rahbariyati faoliyati hamda kadrlar siyosatiga oid tarqalgan xabarda keltirilgan holatlar yuzasidan belgilangan tartibda o‘rganish ishlari olib borilmoqda.

 

O‘rganish natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot taqdim etilishi bildirilgan.