Prezident olimpiadasida toshkentlik maktab o‘quvchilari suzish bo‘yicha 3 ta oltin medalni qo‘lga kiritdi

Prezident olimpiadasida toshkentlik maktab o‘quvchilari suzish bo‘yicha 3 ta oltin medalni qo‘lga kiritdi

Prezident olimpiadasida toshkentlik uch nafar o‘quvchi suzish bo‘yicha musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, oltin medallarni qo‘lga kiritishdi. G‘oliblar uch xil sport maktabida tahsil oladi.

 

Joriy yil 27-oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Olimpiya shaharchasida Prezident olimpiadasining tantanali ochilish marosimida ishtirok etgan edi.

 

2026-yilgi musobaqalarda 3,5 ming nafardan ortiq yosh sportchi olimpiya va paralimpiya yo‘nalishidagi 26 ta sport turi bo‘yicha bellashmoqda. Ularga 1,5 ming nafar murabbiy hamrohlik qilmoqda.

 

Prezident olimpiadasida Toshkent shahar delegatsiyasi vakillari suzish bo‘yicha musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, birinchi o‘rinlarni egallashdi.

 

Oltin medallarni qo‘lga kiritgan o‘quvchilar:

 

  • Mixayil Chudin — Suv sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabi o‘quvchisi, 200 metrga chalqancha usulda suzish;
  • Azamat Samijonov — Respublika ixtisoslashtirilgan kompleks bolalar va o‘smirlar sport maktabi o‘quvchisi, 100 metrga batterflyay usulida suzish;
  • Madina Asadullayeva — Mirzo Ulug‘bek tumani 1-sonli sport maktabi o‘quvchisi, 50 metrga chalqancha usulda suzish.

 

Prezident olimpiadasida toshkentlik maktab o‘quvchilari suzish bo‘yicha 3 ta oltin medalni qo‘lga kiritdi

 

Eslatib o‘tamiz, ushbu musobaqa g‘oliblari va sovrindorlari uchun yangi rag‘batlantirish choralari ham e’lon qilingan. Unga ko‘ra, 2027-yildan boshlab pul mukofotlari 2,5 baravar oshirilib, birinchi o‘rin uchun 25 million, ikkinchi o‘rin uchun 12 million, uchinchi o‘rin uchun 6 million so‘m beriladi.

 

Shuningdek, musobaqada g‘olib bo‘lib, O‘zbekiston rekordini yangilagan maktab bitiruvchilari oliy ta’lim muassasalarining sport yo‘nalishlariga imtihonsiz, davlat granti asosida qabul qilinadi.

 

Har yili Olimpiada g‘oliblaridan 50 nafari xorijdagi xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlariga yuboriladi. 2027-yildan boshlab g‘oliblarga bir yillik stipendiya ham tayinlanadi. Eng yaxshi natija ko‘rsatgan sport maktablari zarur jihozlar bilan ta’minlanadi.

 

Kelgusida Prezident olimpiadasidagi sport turlari sonini 35 taga yetkazish, musobaqalarda esa 14–17 yoshli o‘quvchilar ishtirokini ta’minlash rejalashtirilgan.