Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida Qarshi shahridagi 43-maktab va 1-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotidagi sharoitlar bilan tanishdi.
O‘rganish davomida bog‘cha binosi avariya holatida ekani, maktabda esa sinfxonalar sovuqligi va o‘quvchilar foydalanayotgan partalar eskirgani ma’lum bo‘ldi.
Qayd etilishicha, mavjud muammolarni kechiktirmasdan hal qilish zarur. Shu munosabat bilan eski bog‘cha binosi o‘rnida 360 o‘rinli yangi maktabgacha ta’lim tashkiloti quriladi. Shuningdek, yana bir yangi bog‘cha barpo etilishi rejalashtirilgan.
43-maktab binosi ham ta’mirlanadi. Ta’lim muassasasida zamonaviy laboratoriyalar tashkil etish, til va ijod to‘garaklarini yo‘lga qo‘yish, alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun qulay sharoit yaratish ko‘zda tutilgan.
Saida Mirziyoyeva, shuningdek, Qashqadaryo ilg‘or kasbiy mahorat texnikumida tahsil olayotgan yoshlar bilan ham uchrashdi. Ularning bilim olishga bo‘lgan ishtiyoqi va kelajakka ishonchi uni quvontirganini ta’kidladi.
“Farzandlarimiz bog‘chaga qo‘ygan ilk qadamidan mustaqil hayotga kirib borguniga qadar munosib muhitda ta’lim-tarbiya olishi kerak”, — deyiladi Saida Mirziyoyevaning “Telegram” sahifasida.
Avvalroq, Prezident administratsiyasi rahbari xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internati faoliyati bilan tanishgani haqida xabar bergan edik.



