Ta’lim va ilm-fan vazirining birinchi o‘rinbosari Oybek Yo‘ldoshev elektron musiqaga 1990-yillarning oxirida qiziqa boshlagan. U musiqiy qiziqishi, yangi lavozimida sevimli mashg‘ulotiga vaqt topish imkoniyati va mashhur ijodkor G‘afur G‘ulom bilan qarindoshligi haqida gapirdi.
20-oktabr kuni Ta’lim va ilm-fan vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangan Oybek Yo‘ldoshevning 2024-yilda “Stixiya” festivalida didjey sifatida ishtirok etgani aks etgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Bu esa jamoatchilikda uning musiqiy hobbisiga nisbatan katta qiziqish uyg‘otdi.
27-oktabr kuni “InnoWeek-2026” xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligi ochilishidan so‘ng Gazeta.uz muxbiri Yo‘ldoshev bilan suhbatlashdi.
Elektron musiqa — o‘ziga xos dunyo
Oybek Yo‘ldoshevning elektron musiqaga qiziqishi 1997-yilda nemis didjeyi ATBning “9 PM (Till I Come)” kompozitsiyasini tinglaganidan boshlangan. 1999-yilda taqdim etilgan “Movin’ Melodies” albomi esa uning ushbu yo‘nalishga bo‘lgan qiziqishini yanada kuchaytirgan. Trans musiqasi bilan u amakivachchasi olib kelgan audioyozuvlar orqali tanishgan.
Dastlab shunchaki musiqa tinglashdan boshlangan qiziqish vaqt o‘tishi bilan yangi treklarni izlash va shaxsiy kolleksiyasini shakllantirishga aylangan.
“Dastlab trans musiqani tinglab, asta-sekin o‘z kolleksiyamni to‘play boshlaganman. Vaqt o‘tishi bilan bu shunchaki musiqa emas, balki o‘z madaniyati, estetikasi va ichki mantiqiga ega alohida bir olam ekanini angladim”, — deydi Yo‘ldoshev.
2001–2002-yillarda Angliyada magistraturada tahsil olgan davrida uning musiqiy dunyoqarashi yanada kengaygan. Turli mamlakatlardan kelgan talabalar bilan muloqot qilish orqali u haus va elektron musiqaning boshqa janrlari bilan ham tanishgan.
Paul Oakenfold, Sasha, John Digweed, Hernan Cattaneo, Dave Seaman va Nick Warren kabi didjeylar ijodi uning musiqiy didiga ta’sir ko‘rsatgan. Renaissance va Global Underground to‘plamlari ham uning sevimli musiqiy manbalari qatoridan joy olgan.
Aynan Angliyada o‘qigan yillari Yo‘ldoshev musiqaga boshqacha nazar bilan qaray boshlagan.
“O‘sha davrda didjey setini shunchaki treklar ketma-ketligi emas, balki boshlanishi, rivoji va avji bor yaxlit musiqiy sayohat sifatida tushuna boshladim”, — deydi u.
Oybek Yo‘ldoshev didjeylikni qanday o‘rgangan?
Yo‘ldoshev didjeylikni ham Angliyada o‘qigan paytida o‘rgana boshlagan. 2001-yilda yunonistonlik tanishlari unga olti kanalli mikser sotib, undan foydalanishni o‘rgatishgan.
U mikserga portativ CD pleyerli Walkman va musiqa markazini ulab, kompozitsiyalarni bir-biriga moslashtirishni mashq qilgan.
Yillar davomida uning musiqiy qiziqishlari ham kengayib borgan. Trans va progressiv hausdan tashqari, texno, minimal hamda atmosferasi chuqurroq elektron musiqa yo‘nalishlari ham uning e’tiborini tortgan.
“Men uchun bir janr bilan cheklanib qolmaslik, progressiv musiqa, elektronika va chuqur texno kesishmasida o‘zimga xos ovoz va kayfiyatni izlash muhim”, — deydi Yo‘ldoshev.
“Bu — men uchun jiddiy hobbi”
Oybek Yo‘ldoshev o‘zini professional didjey deb hisoblamaydi. U uy sharoitida yangi elektron musiqalarni izlash, to‘plash va mustaqil ravishda mikslar tayyorlash bilan shug‘ullanadi. Ingliz tilida bunday havaskorlik faoliyati “bedroom DJ” deb ataladi.
“To‘g‘risini aytsam, o‘zimni professional didjey deb hisoblamayman. Men ko‘proq uyda o‘tirib, elektron musiqalarni izlaydigan, to‘playdigan va mustaqil ravishda didjeylikni o‘rganadigan odamman. Bu — men uchun jiddiy hobbi”, — deydi u.
2024-yilda Yo‘ldoshevga “Stixiya” elektron musiqa festivalida chiqish qilish taklif etilgan. U bu taklifni o‘z imkoniyatlarini sinab ko‘rish va sevgan musiqalarini kengroq auditoriyaga taqdim etish imkoniyati sifatida qabul qilgan.
“Meni taklif qilib, ishonch bildirganlari uchun katta rahmat aytmoqchiman. Men uchun eng muhimi — yangi topgan musiqalarimni, boshqalar hali eshitmagan treklarni odamlar bilan bo‘lishish”, — deydi vazir o‘rinbosari.
U festivaldan tashqari, do‘stlarining taklifiga ko‘ra ayrim tadbirlarda ham musiqa qo‘yib turadi. Biroq bu mashg‘ulotni asosiy kasbiga aylantirish niyatida emas.
Yo‘ldoshev uchun didjeylikning mazmuni shunchaki ommabop qo‘shiqlarni ijro etishdan iborat emas. U tinglovchilarga yangi musiqalarni kashf etish imkonini berishni muhim deb biladi.
“Didjeyning vazifasi faqat mashhur treklarni qo‘yish emas, balki odamlarga ular hali eshitmagan musiqalarni ochib berish. Agar tinglovchi set davomida yangi musiqani kashf etsa, demak, buning o‘zi katta natija”, — deydi u.
Uning aytishicha, musiqa nafaqat hordiq chiqarish, balki diqqatni jamlash va kuchni tiklash vositasi hamdir. Didjeylik davomida shakllangan vaqtni his qilish, jarayonni to‘g‘ri tashkil etish va muhim lahzalarni ajratish kabi ko‘nikmalar kasbiy faoliyatda ham foyda berishi mumkin.
Yangi lavozimda didjeylikka vaqt qoladimi?
20-oktabr kuni ta’lim va ilm-fan vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlanganidan keyin Yo‘ldoshevning zimmasiga yangi vazifalar yuklandi. Shu sababli uning sevimli mashg‘ulotiga qancha vaqt ajrata olishi ham qiziq savollardan biri bo‘lib qolmoqda.
Vazir o‘rinbosari bu masalada hozircha aniq reja yo‘qligini, hammasi ish yuklamasi va oilaviy sharoitga bog‘liq bo‘lishini aytgan.
“Ishni endi boshladik. Oldimda turgan vazifalar juda ko‘p, bildirilgan ishonch uchun minnatdorman. Didjeylik bilan qanchalik shug‘ullana olishimni esa ish va oilaviy sharoitga qarab ko‘ramiz”, — deydi Yo‘ldoshev.
Shunday qilib, uning elektron musiqaga bo‘lgan qiziqishi saqlanib qolishi mumkin, biroq yangi lavozimdagi vazifalar sevimli mashg‘ulotiga ajratiladigan vaqtga ta’sir qilishi ehtimoldan xoli emas.
Oybek Yo‘ldoshev — G‘afur G‘ulomning nabirasi
Suhbat davomida Yo‘ldoshevning mashhur o‘zbek shoiri G‘afur G‘ulom bilan qarindoshligi haqidagi ma’lumot ham tasdiqlandi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ushbu xabarga oydinlik kiritgan vazir o‘rinbosari shoirning kenja qizidan tug‘ilganini aytdi.
“Men G‘afur G‘ulomning kenja qizining o‘g‘liman, ya’ni nabirasiman”, — dedi Ta’lim va ilm-fan vazirining birinchi o‘rinbosari Oybek Yo‘ldoshev.
