Til sertifikati sabab dissertatsiyasini himoya qilmagan ayrim magistrantlarga ruxsat berildi

Til sertifikati sabab dissertatsiyasini himoya qilmagan ayrim magistrantlarga ruxsat berildi

2022/2023-o‘quv yilining qishki qabulida magistraturaga istisno tariqasida qabul qilingan, biroq hali dissertatsiyasini himoya qilmagan ayrim talabalar uchun himoya tashkil etiladi. Buning uchun ular belgilangan darajaga mos xorijiy til sertifikatiga ega bo‘lishi kerak.

 

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi komissiyasining 2026-yil 25-sentabrdagi 5-son bayoniga muvofiq, 2022/2023-o‘quv yilining qishki qabulida magistratura mutaxassisliklariga istisno tariqasida qabul qilingan, ammo hozirgacha dissertatsiyasini himoya qilmagan talabalarga belgilangan tartibda himoyaga ruxsat berildi.

 

Bunda talabalar Prezidentning 2024-yil 24-maydagi PF-81-son Farmonida belgilangan talablarga mos xorijiy tilni bilish darajasini tasdiqlovchi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lishi kerak.

 

Sertifikatning talab etiladigan darajasi mutaxassislikka qarab belgilanadi:

 

— B2 daraja — gumanitar, biologik va turdosh fanlar, matematika va statistika, biznes va boshqaruv, huquq, xizmat ko‘rsatish, ijtimoiy va xulq-atvorga mansub fanlar, jurnalistika va axborot, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ta’lim sohalari bo‘yicha;

 

— B1 daraja — boshqa ta’lim sohalari, shuningdek, madaniyat va sport mutaxassisliklari bo‘yicha.

 

Oliy ta’lim tashkilotlari yuqoridagi talablarga javob beradigan talabalar uchun yakuniy davlat attestatsiyasi — magistrlik dissertatsiyasi himoyasini tashkil etishi kerak.

 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq oliy ta’lim tashkilotlarining o‘zaro kelishuviga muvofiq magistrlik dissertatsiyasini ikki nafar talaba hamkorligida, fanlararo bog‘liqlik asosida tayyorlashga ruxsat etilishi haqida xabar bergan edik.