Olimpiadachi o‘quvchilar Gonkongdagi universitetda to‘liq grant asosida o‘qishi mumkin

Olimpiadachi o‘quvchilar Gonkongdagi universitetda to‘liq grant asosida o‘qishi mumkin

Fan olimpiadalarida yaxshi ishtirok etgan o‘zbekistonlik o‘quvchilar uchun Gonkongdagi The Chinese University of Hong Kong universitetida to‘liq grant asosida tahsil olish imkoniyati paydo bo‘lmoqda.

 

Fan olimpiadalari markaziga har yili iqtidorli o‘quvchilarni mazkur universitetga grant asosida o‘qish uchun nomzod sifatida tavsiya qilish huquqi berildi. Bu haqda Fan olimpiadalari markazi vakili universitet vakili Rosemary Bai bilan uchrashuvdan so‘ng ma’lum qildi.

 

Uchrashuv davomida O‘zbekistondagi iqtidorli o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlash, ularning xalqaro miqyosdagi bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda o‘qituvchilar malakasini oshirishga qaratilgan bir qator hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi.

 

Kelishuvga ko‘ra, Fan olimpiadalari markazi har yili olimpiadachi o‘quvchilarni QS reytingida dunyoning TOP-18 universitetlari qatoridan joy olgan Gonkongdagi The Chinese University of Hong Kong (CUHK)da to‘liq grant (full scholarship) asosida o‘qish uchun nomzod sifatida tavsiya qiladi. Bu imkoniyat fan olimpiadalarida yuqori natijalarga erishgan yoshlarning xalqaro ta’lim muhitiga kirib borishi uchun yangi yo‘l ochadi.

 

Shuningdek, uchrashuvda o‘zbekistonlik o‘quvchilar va pedagoglar uchun bir nechta qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari ham kelishib olindi.

 

Jumladan, CUHK mutaxassislari ishtirokida o‘qituvchilar uchun maxsus mehmon ma’ruzalarini (guest lecture) tashkil etish rejalashtirilmoqda. Ushbu ma’ruzalar pedagoglarning bilim va tajribasini kengaytirish, shuningdek, xalqaro tajriba bilan tanishishiga xizmat qilishi ko‘zda tutilgan.

 

Bundan tashqari, iqtidorli o‘quvchilar uchun qo‘shma o‘quv lagerlarini (camps) tashkil etish masalasi ham muhokama qilindi. Bunday lagerlar yoshlarning bilimlarini mustahkamlash, o‘zaro tajriba almashish va fanlarga bo‘lgan qiziqishini yanada rivojlantirishga qaratiladi.

 

Hamkorlikning yana bir muhim yo‘nalishi O‘zbekiston terma jamoalarini xalqaro fan olimpiadalariga tayyorlash bilan bog‘liq. Bu borada maxsus trening dasturlarini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.

 

Mazkur dasturlar orqali xalqaro olimpiadalarda O‘zbekiston sharafini himoya qiladigan o‘quvchilarni tayyorlash jarayoniga universitet mutaxassislarining tajribasini jalb etish imkoniyati yuzaga keladi.

 

Umuman olganda, Gonkongdagi “The Chinese University of Hong Kong” universiteti bilan hamkorlik nafaqat olimpiadachi o‘quvchilarning xorijda ta’lim olishi, balki pedagoglar malakasini oshirish va xalqaro fan musobaqalariga tayyorgarlik tizimini rivojlantirishga ham qaratilgan.