Namanganda voyaga yetmagan qizga shahvoniy shilqimlik qilgan yigit 5 sutkaga qamaldi

Namanganda voyaga yetmagan qizga shahvoniy shilqimlik qilgan yigit 5 sutkaga qamaldi

Namanganda 25 yoshli yigit voyaga yetmagan qizga shahvoniy shilqimlik qilgani uchun ma’muriy qamoqqa olindi. Sud hujjatlariga ko‘ra, u qizga uylanishini aytib, uni adirga olib borgan.

 

Namangan viloyati Pop tumanida voyaga yetmagan qizga shahvoniy shilqimlik qilgan 25 yoshli yigit 5 sutka ma’muriy qamoq jazosiga hukm qilindi.

 

“Daryo” tanishgan sud hujjatiga ko‘ra, holat 2026-yil 31-yanvar kuni sodir bo‘lgan. Shu kuni I.SH. qizga qo‘ng‘iroq qilib, uchrashuvga taklif qilgan. Qiz taklifga rozi bo‘lib, dugonasi bilan To‘raqo‘rg‘on tumani markaziga borgan.

 

I.SH. u yerga otasiga tegishli avtomobilda do‘sti bilan kelgan. Shundan so‘ng ular to‘rtovlon Pop tumaniga yo‘l olgan. Biroq yo‘lda qizning dugonasi va yigitning do‘sti avtomobildan tushib qolgan.

 

Shundan keyin yigit mashinani adirlik tomonga burib, qizni odamlar bo‘lmagan joyga olib borgan. U yerda qizga uylanishini aytib, unga nisbatan shahvoniy shilqimlik qilgan.

 

Sud majlisida yigit aybiga to‘liq iqror bo‘lib, qilmishidan pushaymonligini bildirgan. Jabrlanuvchi va uning onasi esa unga nisbatan da’vosi yo‘qligini ma’lum qilgan.

 

Jinoyat ishlari bo‘yicha Pop tuman sudi I.SH.ni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41¹-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybli deb topib, unga 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlagan.

 

Avvalroq, Surxondaryoda voyaga yetmagan o‘quvchiga shilqimlik qilgan texnikum o‘qituvchisi 5 sutkaga qamalgani haqida xabar berilgandi.