2026/2027-o‘quv yili uchun Prezident va nomli davlat stipendiyalari tanlovining respublika bosqichi doirasida o‘tkazilgan test sinovlarida 1 460 nafar talabgor ishtirok etdi. Natijalardan norozi bo‘lgan talabgorlardan apellyatsiya arizalari qabul qilindi.
Xabaringiz bor, 2026-yil 10-oktyabr kuni Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan hududlar kesimida talabgorlar uchun test sinovlari tashkil etildi. Sinovlar amaldagi qonunchilikka muvofiq, axborot texnologiyalari, O‘zbekiston tarixi va xorijiy tillar fanlaridan o‘tkazildi.
Amaldagi tartibga ko‘ra, tanlovning respublika bosqichida ishtirok etgan talabgorlar test sinovlarida mumkin bo‘lgan eng yuqori ballning kamida 55 foizini to‘plashi kerak. Ushbu chegaradan past ball olgan yoki test sinovlarida qatnashmagan talabgorlar Prezident va nomli davlat stipendiyalariga tavsiya etilmaydi.
Test natijalaridan norozi bo‘lgan talabgorlar vazirlikning my.edu.uz elektron tizimidagi shaxsiy kabinetlari orqali apellyatsiya arizalarini topshirgan.
Ta’lim va ilm-fan vazirligining xabariga ko‘ra, har bir murojaatda keltirilgan e’tirozlar va ularga asos bo‘lgan test savollari apellyatsiya komissiyasi tomonidan belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi. E’tirozlar asosli deb topilgan taqdirda, tegishli arizalar qanoatlantiriladi.
Ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha tegishli ma’lumotlar talabgorlarning my.edu.uz elektron tizimidagi shaxsiy kabinetlari orqali ma’lum qilinadi.
