Prezident va nomli davlat stipendiyalari uchun test natijalari e’lon qilindi

Prezident va nomli davlat stipendiyalari uchun test natijalari e’lon qilindi

2026/2027-o‘quv yili uchun Prezident va nomli davlat stipendiyalariga talabgor talabalarning maxsus test sinovlari natijalari e’lon qilindi. Natijalardan norozi bo‘lgan talabgorlar my.edu.uz orqali apellyatsiya arizasi yuborishlari mumkin.

 

2026-yil 10-oktyabr kuni bakalavriat va magistratura bosqichi talabalari uchun o‘tkazilgan maxsus test sinovlari Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan tashkil etildi.

 

Sinovlar O‘zbekiston tarixi, axborot texnologiyalari va xorijiy tillar fanlari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida o‘tkazilgan.

 

Talabgorlar test sinovlari natijalari bilan my.edu.uz elektron tizimidagi shaxsiy kabinetlari orqali tanishishlari mumkin.

 

Ta’lim va ilm-fan vazirligi xabariga ko‘ra, test natijalaridan norozi bo‘lgan talabgorlar 20-oktyabr kuni soat 10:00 ga qadar my.edu.uz orqali apellyatsiya arizasi yuborishlari mumkin. Arizada aynan qaysi fan va qaysi savol bo‘yicha natijadan norozi ekani aniq ko‘rsatilishi lozim.