Samarqandda bolalar uchun ta’lim va reabilitatsiya xizmatlari birlashtirilgan markaz ish boshladi

Samarqandda bolalar uchun ta’lim va reabilitatsiya xizmatlari birlashtirilgan markaz ish boshladi

Markazning maktabgacha ta’lim bo‘limi 150 o‘ringa mo‘ljallangan. Ambulator bo‘limida esa har oy qariyb 100 nafar bola reabilitatsiya kurslaridan o‘tishi mumkin

 

Markazning ochilish marosimi “Bolalar farovonligiga investitsiyalar: kelajak avlodlar uchun barqaror va adolatli taraqqiyot yo‘lida” xalqaro sammiti doirasida bo‘lib o‘tdi.

 

Tadbirda O‘zbekiston birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva, sammit ishtirokchisi bo‘lgan birinchi xonimlar hamda yuqori martabali mehmonlar ishtirok etdi.

 

Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimiga qarashli markazda har bir bolaning individual ehtiyojlaridan kelib chiqib, alohida dastur ishlab chiqiladi. Shuningdek, ota-onalarga farzandlari egallagan ko‘nikmalarni uy sharoitida mustahkamlash bo‘yicha mutaxassislar tavsiyalari taqdim etiladi.

 

Maktabgacha ta’lim bo‘limida 2 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun 10 ta ixtisoslashtirilgan guruh tashkil etilgan. Ambulator reabilitatsiya xizmatlari esa 2 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarni qamrab oladi.

 

Samarqandda bolalar uchun ta’lim va reabilitatsiya xizmatlari birlashtirilgan markaz ish boshladi

Samarqandda bolalar uchun ta’lim va reabilitatsiya xizmatlari birlashtirilgan markaz ish boshladi

 

Muassasada davolovchi jismoniy tarbiya, nutq va mayda motorikani rivojlantirish mashg‘ulotlari, sensor integratsiya, fizioterapiya hamda boshqa muolajalar o‘tkaziladi.

 

Samarqanddagi yangi muassasa Nukus, Qibray, Qarshi va Zarafshonda ham faoliyat yuritayotgan IMKON markazlari tarmog‘ining navbatdagi bo‘g‘iniga aylandi.

 

2025-yilda tarmoq muassasalarida jami 546 mingdan ortiq muolaja va mashg‘ulot o‘tkazilgan. Shu davr mobaynida 3 777 nafar bola ambulator reabilitatsiya xizmatlaridan foydalangan.

 

Kelgusida tarmoqni boshqa hududlarda ham kengaytirish rejalashtirilgan. Farg‘onada markaz qurilishi boshlangan, Namangan va Toshkent viloyatining Nurafshon shahrida ham shu kabi muassasalarni barpo etish ko‘zda tutilgan.