Talabaning o’zi bajargan vazifani AI bajargan vazifadan qanday farqlasa bo’ladi?

Talabaning o’zi bajargan vazifani AI bajargan vazifadan qanday farqlasa bo’ladi?

ChatGPT kabi vositalar yordamida esse, referat va boshqa yozma ishlarni tayyorlash osonlashdi. Shu bilan birga, universitetlarda yangi savol paydo bo‘ldi: talaba topshirgan ishni o‘zi yozganmi yoki sun’iy intellektdan foydalanganmi?

 

Buni aniqlash uchun maxsus dasturlar — AI-detektorlardan foydalaniladi. Ammo ular har doim ham to‘g‘ri xulosa bermaydi. Ba’zan inson yozgan matn ham sun’iy intellekt yaratgan matn sifatida baholanishi mumkin.

 

AI-detektorlar qanchalik ishonchli?

 

Sun’iy intellekt vositalari ommalashgani sari universitetlarda yozma ishlarni tekshirish masalasi ham dolzarb bo‘ldi. Ayrim oliygohlar talabalar topshirgan esse va referatlarni AI-detektorlar yordamida tekshiradi. Bu dasturlar matnning sun’iy intellekt yordamida yozilgan bo‘lish ehtimolini aniqlashga urinadi.

 

Biroq dastur ko‘rsatgan foiz matnni aynan kim yozganini isbotlamaydi. Detektor matndagi so‘zlar, jumlalar tuzilishi va boshqa xususiyatlarni tahlil qiladi. Shu sababli uning xulosasi xato bo‘lishi mumkin.

 

Bu muammo 2023-yilda Stanford universiteti tadqiqotchilari tomonidan ham ko‘rsatib berilgan. Olimlar yettita AI-detektor natijalarini ingliz tilini ona tili sifatida bilmaydigan talabalar yozgan insholar asosida tekshirgan.

 

Tadqiqotda detektorlar TOEFL imtihoniga tayyorlangan talabalar insholarining o‘rtacha 61,3 foizini xato ravishda sun’iy intellekt yaratgan matn deb belgilagan.

 

Tadqiqotchilar buning sabablaridan biri ayrim detektorlar sodda va oldindan taxmin qilish oson bo‘lgan jumlalarga tayanishida ekanini tushuntirgan. Masalan, ingliz tilini ikkinchi til sifatida o‘rganuvchilar oddiy so‘zlardan va takrorlanuvchi jumla tuzilmalaridan ko‘proq foydalanishi mumkin. Natijada ularning o‘zlari yozgan matnlari ham AI yaratgan matnga o‘xshab qolishi ehtimoli bor.

 

O‘qituvchi matnni o‘qib, uning AI yordamida yozilganini bilishi mumkinmi?

 

O‘qituvchi talabaning yozish uslubiga, matn mazmuniga va avvalgi ishlariga e’tibor beradi. Masalan, yangi topshiriq talabaning oldingi ishlaridan keskin farq qilsa yoki u matndagi fikrlarni tushuntirib bera olmasa, o‘qituvchida shubha paydo bo‘lishi tabiiy holat.

 

Ammo bularning hech biri matnni sun’iy intellekt yozganini aniq isbotlamaydi. Talaba mavzuni yaxshi tushunmasligi yoki fikrlarini tushuntirishda qiynalishi ham mumkin.

 

2024-yilda “International Journal for Educational Integrity” jurnalida chop etilgan tadqiqotda olimlar sun’iy intellekt yaratgan tibbiyotga oid ilmiy matnlarni inson yozgan matnlar bilan taqqoslagan. Tadqiqotda oltita AI-detektor va inson ekspertlarining natijalari o‘rganilgan.

 

Natijalar detektorlarning barchasi bir xil ishlamasligini ko‘rsatgan. Ayrim dasturlar AI yaratgan matnlarni aniqlashda yaxshi natija ko‘rsatgan bo‘lsa, matn boshqa so‘zlar bilan qayta yozilganda ularni aniqlash qiyinlashgan. Inson ekspertlari ham ayrim hollarda aslida odam yozgan matnlarni sun’iy intellekt mahsuloti deb noto‘g‘ri baholagan.

 

Shuni ham hisobga olish kerakki, ushbu tadqiqot tibbiyotga oid ilmiy matnlar asosida o‘tkazilgan. Shuning uchun uning natijalarini barcha fanlar va universitet topshiriqlariga birdek tatbiq etib bo‘lmaydi.

 

Universitetlar qanday yo‘l tutishi kerak?

 

AI’dan foydalanishni nazorat qilishda faqat detektor natijasiga tayanish talabaga nisbatan adolatsiz xulosaga olib kelishi mumkin. Shuning uchun yozma ishlarni baholashda boshqa usullardan ham foydalanish muhim.

 

Masalan, o‘qituvchi talabaning dastlabki rejasi va qoralamalarini ko‘rib chiqishi, foydalanilgan manbalarni tekshirishi yoki yozma ishdagi asosiy fikrlarni og‘zaki tushuntirib berishni so‘rashi mumkin. Bu talabaning mavzuni qay darajada tushunganini baholashga yordam beradi.

 

Bunday yondashuv faqat matnni kim yozganini aniqlash bilan cheklanmaydi. U talabaning mustaqil fikrlashi va olgan bilimlarini amalda qo‘llay olishini ham tekshirish imkonini beradi.

 

UNESCO ham generativ sun’iy intellektdan ta’limda foydalanishda inson manfaatlari, adolat va maxfiylikni hisobga olish zarurligini ta’kidlaydi. Tashkilot ta’lim muassasalarida AI’dan foydalanish bo‘yicha aniq qoidalar ishlab chiqish va texnologiyani mas’uliyat bilan qo‘llash muhimligini qayd etadi.

 

Avvalroq, klaviaturada tez yozishni o’rganish usullari haqida maqola tayyorlagan edik.