Boshlangʻich sinf oʻqituvchilari matematika va ona tili fanlaridan avval olgan milliy sertifikatlari uchun ustama olishda davom etadimi? Yangi joriy etilgan boshlangʻich taʼlim milliy sertifikatini ham qoʻlga kiritgan oʻqituvchilarga ustamalar qanday hisoblanadi?
Bloger Isroil Tillaboyev oʻzining videomurojaatida ushbu savollarga javob berdi. Uning taʼkidlashicha, mazkur masala yuzasidan vazirlik mutasaddilari bilan suhbatlashib, kutilayotgan oʻzgarishlar va ustamalarni toʻlash tartibiga oid maʼlumotlarni aniqlashtirgan.
Boshlangʻich sinf oʻqituvchilari matematika va ona tilidan milliy sertifikat ola olmaydimi?
Isroil Tillaboyevning maʼlum qilishicha, milliy sertifikat imtihonlari tartibiga oʻzgartirish kiritilmoqda. Unga koʻra, boshlangʻich sinf oʻqituvchilari kelgusida faqat boshlangʻich taʼlim yoʻnalishi boʻyicha milliy sertifikat imtihonlarida ishtirok etishi mumkin boʻladi.
Blogerning bildirishicha, ularning matematika va ona tili fanlaridan alohida milliy sertifikat imtihonlarida qatnashish imkoniyati toʻxtatilishi kutilmoqda.
Uchta milliy sertifikati bor oʻqituvchiga ustama qanday toʻlanadi?
Blogerning tushuntirishicha, agar boshlangʻich sinf oʻqituvchisi avval matematika va ona tili fanlaridan milliy sertifikat olgan boʻlsa, keyinchalik boshlangʻich taʼlim boʻyicha ham milliy sertifikatga ega boʻlishi mumkin.
Bunday holatda amaldagi sertifikatlar asosida quyidagi ustamalar toʻlanishi aytilmoqda:
Matematika fanidan — 20 foiz;
Ona tili fanidan — 50 foiz;
Boshlangʻich taʼlim milliy sertifikati asosida boshqa tegishli fanlar uchun — 15 foiz.
Yaʼni oʻqituvchi uchta yoʻnalish boʻyicha milliy sertifikatga ega boʻlsa, tegishli fanlar uchun uch xil ustama olishda davom etishi mumkinligi bildirilgan.
Avvalgi sertifikatlar uchun ustamalar qachongacha saqlanadi?
Isroil Tillaboyevning aytishicha, matematika va ona tili fanlaridan avval olingan milliy sertifikatlar uchun belgilangan ustamalar ularning amal qilish muddati tugaguniga qadar toʻlanadi.
Ushbu sertifikatlarning muddati tugagach, oʻqituvchi boshlangʻich taʼlim milliy sertifikati asosida tegishli fanlar uchun 15 foizlik ustama olishda davom etadi.
Rasmiy qarorda nima deyilgan?
Eslatib oʻtamiz, Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-iyuldagi 411-son qarori bilan boshlangʻich taʼlim oʻqituvchilari uchun milliy sertifikat berish tizimi joriy etilgan.
Qarorga muvofiq, 2026-2027 oʻquv yilidan boshlab B+ va undan yuqori darajadagi milliy sertifikatga ega boʻlgan, boshlangʻich sinflarda dars beruvchi boshlangʻich taʼlim mutaxassisligiga ega oʻqituvchilarga sertifikatning amal qilish muddati davomida tegishli taʼlim tiliga mos ravishda barcha fanlar boʻyicha lavozim maoshiga har oyda 15 foiz miqdorida qoʻshimcha ustama toʻlanishi belgilangan.
Shu bilan birga, bloger tomonidan aytilgan matematika va ona tili boʻyicha imtihonlarda qatnashishning toʻxtatilishi hamda uch xil sertifikat uchun ustamalarni bir vaqtda toʻlash masalalari yuzasidan vakolatli tashkilotlarning rasmiy tushuntirishi talab etiladi.
