“Dekster” serialidan ilhomlangan talaba vaxshiy qotillikda aybini tan oldi

“Dekster” serialidan ilhomlangan talaba vaxshiy qotillikda aybini tan oldi

Buyuk Britaniyada sud-tibbiyot ekspertizasi yo‘nalishida tahsil olgan 20 yoshli talaba teleserialdagi sahnalarga o‘xshash xona tayyorlagan va jinoyatga qo‘l urgan. Politsiya uning qo‘lga olinishi aks etgan videoni ham e’lon qildi.

 

Buyuk Britaniyada Vuster universiteti talabasi Benjamin Dey amerikancha “Dekster” teleserialidan ilhomlanib, ijaraga olingan uyda qotillik sodir etgan. 20 yoshli yigit 24 yoshli ruminiyalik Mariya Sakyanuni o‘ldirganlikda ayblanib, 2026-yil 6-oktabr kuni Vulverhempton Qirollik sudida aybini tan olgan.

 

BBC xabariga ko‘ra, Dey 2025-yil 21-dekabr kuni G‘arbiy Midlend hududidagi Tivideyl shahrida Airbnb orqali ijaraga olingan xonada ayolga hujum qilgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, jinoyat sodir etilgan joyda polietilen bilan qoplangan, teleserialdagi sahnalarga o‘xshash xona tayyorlangan.

 

Sudda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, jabrlanuvchiga 78 marta pichoq bilan jarohat yetkazilgan. Jinoyatdan keyin Dey jasadni qismlarga ajratishga uringan va bu jarayonda qo‘lini jarohatlagan.

 

Politsiya e’lon qilgan videoda nimalar aks etgan?

 

Politsiya e’lon qilgan tanaga o‘rnatiladigan kamera tasvirlarida Deyning Dadli shahrida qo‘lga olinishi aks etgan. Videoda qo‘lidan qon oqayotgan yigit politsiya xodimlariga jarohatini yovvoyi it yoki tulki tishlagani bilan izohlashga uringani ko‘rinadi.

 

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, yigit keyinchalik tibbiy yordam so‘rab, favqulodda xizmatga murojaat qilgan. Shundan so‘ng politsiya xodimlari uni aniqlab, voqea yuzasidan tergov olib borgan.

 

Talaba qanday jazoga tortilishi mumkin?

 

Benjamin Dey dastlab qotillik ayblovini rad etgan, biroq sud jarayonining ikkinchi kunida o‘z pozitsiyasini o‘zgartirib, aybini tan olgan. Unga 2026-yil 4-dekabr kuni hukm chiqarilishi kutilmoqda. Buyuk Britaniya qonunchiligiga ko‘ra, qotillik uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanishi mumkin.

 

Avvalroq, Istanbulda 15 yoshli o‘quvchi qiz maktab oldida 8 nafar o‘quvchini pichoqlagani haqida xabar bergan edik.