Istanbulda boshqa maktabda tahsil oluvchi 15 yoshli qiz o‘quvchilar o‘rtasida janjal kelib chiqishi ortidan maktab oldida 8 nafar o‘quvchini pichoqlagan. Jarohatlangan o‘quvchilardan birining ahvoli og‘ir, ikki nafarining holati o‘rtacha og‘ir deb baholanmoqda.
Hodisa 6-oktyabr kuni ertalab Istanbulning Başakşehir tumanidagi Şeyh Şamil Imom Hatip o‘rta maktabi kirish qismida sodir bo‘lgan.
Ma’lum qilinishicha, boshqa maktabning 10-sinfida tahsil oluvchi 15 yoshli qiz mazkur maktab oldiga kelib, ichkariga kirayotgan o‘quvchilarga pichoq bilan hujum qilgan. Hujum sababi hozircha aniqlanmagan.
Maktab qo‘riqchisi qizni to‘xtatgan. Jarohatlangan o‘quvchilar tez tibbiy yordam xodimlari tomonidan shifoxonaga olib ketilgan. 15 yoshli o‘quvchi esa politsiya tomonidan qo‘lga olingan.
Istanbul gubernatorligi hodisadan keyin bergan dastlabki ma’lumotida soat 08:40 atrofida maktabda o‘quvchilar o‘rtasidagi janjal oqibatida 5 nafar o‘quvchi jarohatlanganini bildirgan. Keyinchalik Turkiya sog‘liqni saqlash vaziri Kemal Memişoğlu jarohatlanganlar soni 8 nafarligini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bir nafar o‘quvchining ahvoli og‘ir, ikki nafarining holati o‘rtacha og‘ir.
Küçükçekmece Bosh prokuraturasi hodisa yuzasidan tergov boshlanganini ma’lum qilgan. Turkiya Milliy ta’lim vazirligi ham hodisa yuzasidan sud-huquqiy va ma’muriy tekshiruv boshlanganini bildirgan. Voqeani o‘rganish uchun ikki nafar ta’lim inspektori jalb etilgan.
Hodisadan jarohatlangan o‘quvchilar, o‘qituvchilar va ota-onalarga psixologik-ijtimoiy yordam ko‘rsatish uchun tegishli guruhlar ish boshlagan.
Shuningdek, hodisa sodir bo‘lgan maktabda 6 va 7-oktyabr kunlari darslar to‘xtatilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyaning Manisa viloyatida maktab tashqarisida otishma sodir bo‘lgan edi. Hodisa oqibatida 4 nafar o‘quvchi jarohatlangan edi.
