Toshkentdagi yana 302 ta maktabda “SI Davomat” tizimi va smart kameralar joriy etiladi

Toshkentdagi yana 302 ta maktabda “SI Davomat” tizimi va smart kameralar joriy etiladi

Poytaxtdagi 302 ta maktab keyingi yillarda sun’iy intellekt asosidagi davomatni nazorat qilish tizimi bilan qamrab olinishi rejalashtirilmoqda. Hozirda SI Davomat tizimi Sergeli tumanidagi 26 ta maktabda sinovdan o‘tkazilmoqda.

 

Toshkent shahar hokimining joriy yil 6-oktyabrdagi farmoyishiga ko‘ra, Toshkentdagi umumta’lim maktablarida SI Davomat — davomatni nazorat qilish tizimini yana 302 ta maktabga joriy etish rejalashtirilmoqda.

 

Xabaringiz bor, hozirda tizim Sergeli tumanidagi 26 ta maktabda sinovdan o‘tkazilmoqda. Ushbu maktablarda jami 446 ta smart kamera o‘rnatilgan.

 

Hokimlik ma’lumotlariga ko‘ra, smart kameralar va Face ID texnologiyasi yordamida o‘quvchilarning maktabga kelishi hamda darslardagi ishtiroki qayd etiladi. Tizim orqali davomat bilan bog‘liq muammolarning sabablarini o‘rganish, oila va maktab bilan hamkorlik qilish hamda o‘quvchiga o‘z vaqtida zarur yordam ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi.

 

Shuningdek, SI Davomat tizimi faqat davomatni nazorat qilish bilan cheklanmaydi. U fanlar, sinflar va o‘qituvchilar kesimida darslarning tashkil etilishi, o‘quvchilar faolligi hamda o‘qitish usullarini tahlil qilishga ham qaratilgan.

 

Tizimni 2027–2028-yillarda yana 302 ta maktabda bosqichma-bosqich joriy etish ko‘zda tutilgan.