Toshkent maktablarida davomat smart-kameralar bilan nazorat qilinadi

Toshkent maktablarida davomat smart-kameralar bilan nazorat qilinadi

Toshkentdagi umumtaʼlim maktablarida oʻquvchilar davomatini nazorat qilish uchun “SI Davomat” tizimi joriy etilmoqda. Smart-kameralar va Face ID texnologiyasi oʻquvchilarning maktabga kelishi va darslarda qatnashishini avtomatik ravishda qayd etish imkonini beradi.

 

Toshkent shahar hokimligining Vaziyatlar markazida Sergeli tumanidagi maktablarda ishga tushirilgan “SI Davomat” tizimi taqdimoti oʻtkazildi. “SI Davomat” Sergeli tumanidagi 26 ta maktabda sinovdan oʻtkazilmoqda. Ushbu maktablarda jami 446 ta smart kamera oʻrnatilgan.

 

Oʻquvchi sababsiz dars qoldirgan taqdirda, uning ota-onasiga tizim orqali SMS xabarnoma yuboriladi. Bu haqdagi maʼlumot maktab direktori, profilaktika inspektori, Milliy gvardiya xodimi va mahalla vakillariga ham avtomatik yetkaziladi.

 

Shuningdek, “SI Davomat” “ERP Maktab” va Sogʻliqni saqlash vazirligining DMED tizimlari bilan integratsiya qilingan. Shu orqali kasalligi sababli darsga kelmagan oʻquvchini sababsiz dars qoldirgan oʻquvchidan farqlash imkoniyati yaratiladi.

 

Tizimning imkoniyatlari faqat davomatni nazorat qilish bilan cheklanmaydi. Maxsus nutq tahlili modullari orqali oʻquvchilarning darsdagi faolligi va mavzuga qiziqishi, oʻqituvchining darsni olib borish mahorati hamda mashgʻulot sifati kabi koʻrsatkichlarni tahlil qilish imkoniyati ham koʻzda tutilgan. Olingan maʼlumotlar metodistlar tomonidan oʻrganilib, baholab boriladi.

 

Bundan tashqari, davomat koʻrsatkichlari asosida maktablarni “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalarga ajratish nazarda tutilgan. Tahlil natijalaridan taʼlim sifatini oshirish, oʻqituvchi va oʻquvchilarni ragʻbatlantirish hamda tegishli choralarni belgilashda foydalanish rejalashtirilgan.

Sergeli tumanidagi tajriba natijalariga koʻra, tizimni Toshkentdagi boshqa umumtaʼlim maktablarida ham bosqichma-bosqich joriy etiladi.