“El-yurt umidi” stipendiyasi orqali O‘zbekiston fuqarolari xorijiy davlatlarning yetakchi ta’lim va ilmiy muassasalarida bakalavriat, magistratura hamda doktorantura bosqichlarida tahsil olishi mumkin. Stipendiya tanlov asosida berilib, g‘oliblar uchun o‘qish, viza, tibbiy sug‘urta, yo‘l va yashash bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash imkoniyati yaratiladi.
Prezidentning 2025-yil 5-maydagi PF-77-sonli farmonida ‘‘El-yurt umidi’’ stipendiyasini olish tartibi, shartlari hamda afzalliklari haqida belgilangan.
Unga ko‘ra, ochiq stipendiya tanlovi kalendar yil davomida davriy ravishda, qoida tariqasida, bir yilda kamida ikki marotaba oʻtkaziladi. Tanlov haqida e’lon hujjatlarni qabul qilish boshlanishidan kamida bir hafta oldin ommaviy axborot vositalari va Jamg‘armaning rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.
Kimlar ishtirok etishi mumkin?
O‘zbekiston fuqarolari ish yoki o‘qish joyidan qat’i nazar, “El-yurt umidi” stipendiyasi uchun ochiq tanlovda ishtirok etishi mumkin.
Nomzodlar ta’lim bosqichiga qarab quyidagi yosh chegaralariga javob berishi kerak:
— bakalavriat uchun — 30 yoshdan katta bo‘lmasligi;
— magistratura uchun — 22 yoshdan kichik va 40 yoshdan katta bo‘lmasligi;
— doktorantura uchun — 25 yoshdan kichik va 45 yoshdan katta bo‘lmasligi.
Magistraturaga hujjat topshirayotgan nomzod kamida 1 yil, doktoranturaga topshirayotgan nomzod esa kamida 2 yil mehnat stajiga ega bo‘lishi kerak.
Bundan tashqari, magistratura va doktorantura uchun nomzoddan tegishli oliy ma’lumot talab etiladi. Bakalavriat uchun esa bu talab qo‘llanmaydi.
Qanday hujjatlar talab qilinadi?
Barcha ta’lim dasturlari uchun nomzodlar, jumladan, quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
— ariza;
— pasport yoki ID-karta nusxasi;
— xorijiy tilni bilish darajasini tasdiqlovchi xalqaro sertifikat;
— xorijiy ta’lim yoki ilmiy muassasaga qabul qilinganlik yoki shartli qabul qilinganlik to‘g‘risidagi hujjat;
— shaxsiy, akademik va kasbiy muvaffaqiyatlar to‘g‘risidagi ma’lumotnoma.
Bakalavriatga topshiruvchilar attestat yoki tegishli diplom hamda motivatsion esse taqdim etadi.
Magistratura va doktorantura uchun esa diplom, mehnat faoliyatiga oid hujjatlar, ilmiy maqolalar ro‘yxati hamda motivatsion esse talab qilinadi. Doktorantura nomzodlari bundan tashqari ilmiy tadqiqotining dolzarbligi haqida tavsiya xatini ham taqdim etadi.
Xorijiy til sertifikati bo‘yicha bakalavriat uchun IELTS Academic sertifikati bo‘yicha kamida 6 ball, magistratura va doktorantura uchun esa kamida 7 ball talab etiladi. Boshqa xalqaro imtihon tizimlarining shunga teng darajadagi sertifikatlari ham qabul qilinadi.
Biroq xorijiy ta’lim, ilmiy yoki boshqa muassasaga shartsiz qabul qilinganligi to‘g‘risidagi taklifnoma-xatni taqdim etgan nomzoddan xalqaro til sertifikati talab qilinmaydi.
Tanlov qanday o‘tkaziladi?
“El-yurt umidi” stipendiyasi uchun tanlov 6 bosqichda o‘tkaziladi:
- hujjatlarni o‘rganish;
- reytingning eng yuqori 100 taligidagi universitetlarga to‘liq grant asosida qabul qilingan nomzodlar orasidan imtihonsiz g‘oliblarni aniqlash;
- reytingning eng yuqori 300 taligidagi universitetlarga to‘liq grant asosida qabul qilingan nomzodlar orasidan imtihonsiz g‘oliblarni aniqlash;
- QS reytingining eng yuqori 20 taligidagi universitetlarga qisman grant asosida qabul qilingan Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablari bitiruvchilari orasidan imtihonsiz g‘oliblarni aniqlash;
- test sinovi;
- suhbat.
Test bosqichida kamida 61 ball olgan nomzodlar suhbatga o‘tkaziladi. Suhbatda ham 100 balldan kamida 61 ball olgan nomzod “suhbatdan o‘tgan” deb e’tirof etiladi.
Stipendiya nimalarni qoplaydi?
“El-yurt umidi” stipendiyasi g‘oliblariga xorijda ta’lim olish bilan bog‘liq bir qator xarajatlarni qoplash imkoniyati beriladi. Jumladan:
– bakalavr, magistratura yoki doktoranturada oʻqish puli toʻliq qoplanadi;
– shuningdek, vizalar olish, stipendiatlarning barcha turdagi transport vositalari bilan taʼlim olish joyigacha boʻlgan yoʻlkira xarajatlari (ikkala tomonga, koʻpi bilan yiliga bir marta);
– taʼlim olish davrida yashash, ovqatlanish, tibbiy sugʻurta va transport xarajatlari;
– zarur oʻquv va ilmiy adabiyotlarni xarid qilish, shu jumladan darsliklar sotib olish, stipendiat taʼlim olayotgan xorijiy taʼlim, ilmiy yoki boshqa muassasa talablariga binoan ilmiy maqolalar chop ettirish, ilmiy maqolalarni koʻchirib (elektron tarzda yuklab) olish, maqolalar hamda ilmiy adabiyotlarning elektron bazasiga obuna boʻlish;
– Jamgʻarma Vasiylik kengashi qaroriga koʻra stipendiatlarning xorijda taʼlim olishi bilan bevosita bogʻliq boshqa xarajatlari;
– har bir taʼlim dasturi boʻyicha bitta stipendiatga ajratiladigan xarajatlarning cheklangan miqdori Jamgʻarmaning Vasiylik kengashi tomonidan belgilanadi.
Stipendiatlarning qanday majburiyatlari bor?
Stipendiat ta’lim dasturini tugatgach, ko‘pi bilan bir oy ichida O‘zbekistonga qaytib kelishi hamda ish beruvchi tashkilotida mehnat faoliyatini boshlashi lozim. Shuningdek, o‘qish davrida belgilangan akademik talablarga rioya qilish, o‘qish natijalari haqida Jamg‘armaga ma’lumot taqdim etish va shartnomada belgilangan boshqa majburiyatlarni bajarish talab etiladi.
Shu bilan birga, stipendiatlarning ayrim toifalariga, jumladan, magistraturani muvaffaqiyatli tamomlab, nufuzli xorijiy universitet yoki ilmiy muassasaning PhD dasturiga to‘liq grant asosida qabul qilinganlarga ishlab berish majburiyatini kechiktirish imkoniyati ham nazarda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi tibbiyot oliy o‘quv yurtlarida kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan bakalavriat va magistratura talabalari uchun “Sog‘liqni saqlash vaziri stipendiyasi – 2026/2027” tanlovi e’lon qilingan. Arizalar 26-oktyabrgacha elektron shaklda qabul qilinadi.
