Prezident qarori bilan Xorazm viloyatida Xitoyning Lyaoning pedagogika universiteti filiali tashkil etiladi. Filialda ta’lim 2026/2027-o‘quv yilidan boshlanadi, 2030/2031-o‘quv yiliga qadar qabul qilingan talabalar esa o‘qishning butun davri davomida to‘liq davlat granti asosida tahsil oladi.
Prezidentning 2026-yil 2-oktabrdagi PQ-359-son qarori bilan Lyaoning pedagogika universitetining O‘zbekistondagi filialini tashkil etish tartibi belgilandi.
Filialda ta’lim jarayoni 2026/2027-o‘quv yilidan boshlanadi. O‘qish kunduzgi va muqobil ta’lim shakllarida o‘zbek, xitoy yoki ingliz tillarida olib boriladi.
Filialda ta’lim davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi. Bunda 2030/2031-o‘quv yiliga qadar o‘qishga qabul qilingan talabalar o‘qishning butun davri davomida to‘liq davlat granti asosida tahsil oladi.
2030/2031-o‘quv yilidan boshlab esa yillik qabul parametrlarining 30 foizi davlat granti asosida shakllantiriladi.
Talabalarning amaliyoti hududdagi ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish korxona hamda tashkilotlarida, jumladan, dual ta’lim asosida tashkil etiladi.
Filialning akademik faoliyatini rivojlantirish uchun unga mahalliy oliy ta’lim tashkilotlari biriktiriladi. Ular filialni pedagog kadrlar va o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlashga ko‘maklashadi, talabalar va pedagoglarning akademik mobilligini yo‘lga qo‘yadi hamda qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshiradi.
Shuningdek, turizm va axborot texnologiyalari yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlaydigan ayrim texnikumlar ham filialga biriktiriladi. Ularda Xitoy tajribasi asosida takomillashtirilgan ta’lim dasturlari va o‘qitish metodikalari joriy etiladi.
Texnikum bitiruvchilariga tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishida o‘qishni davom ettirish imkoniyati yaratiladi.
Bundan tashqari, 2027-yil 1-yanvardan umumta’lim maktablarining informatika fani o‘qituvchilari uchun filialda sun’iy intellektni o‘qitish bo‘yicha mentorlik malaka oshirish kurslari yo‘lga qo‘yiladi.
Har yili ushbu kurslarga 250 nafar pedagog jalb etiladi. Kurslar aralash — onlayn va oflayn shaklda, kamida 72 soat davomida tashkil etiladi. Kursni muvaffaqiyatli yakunlaganlarga beriladigan sertifikat informatika fani o‘qituvchilarining muqobil malaka oshirganligini tasdiqlovchi hujjat sifatida tan olinadi.
Qarorga ko‘ra, filialga jalb qilinadigan mahalliy professor-o‘qituvchilar va xodimlarning bazaviy lavozim maoshlari 1,5 baravar miqdorda hisoblanadi.


