Yaponiyada o‘zbekistonlik kuryer maktab o‘quvchisiga nisbatan nomaqbul xatti-harakatlar qilganlikda gumonlanib ushlandi

Yaponiyada o‘zbekistonlik kuryer maktab o‘quvchisiga nisbatan nomaqbul xatti-harakatlar qilganlikda gumonlanib ushlandi

Tokioda 45 yoshli o‘zbekistonlik oziq-ovqat kuryeri buyurtma yetkazish uchun borgan xonadonda 10 yosh atrofidagi qizga nisbatan nomaqbul xatti-harakat sodir etganlikda gumonlanib hibsga olindi. Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, u aybini tan olgan.

 

Jiji Press nashrining yozishicha, Tokio politsiyasi boshlang‘ich maktab o‘quvchisiga nisbatan nomaqbul xatti-harakat sodir etganlikda gumon qilinayotgan 45 yoshli o‘zbekistonlik oziq-ovqat yetkazib berish xodimini hibsga olgan.

 

Izoh: Yaponiyada 6–12 yosh atrofidagi o‘quvchilar boshlang‘ich maktabda tahsil oladi.

 

Metropoliten politsiya boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, Tokioning Shinagava tumanida yashovchi M.D. joriy yil 5-iyul kuni soat taxminan 17:00 da Yaponiya poytaxtining Setagaya tumanidagi xonadonlardan birida 10 yosh yoki undan katta deyilayotgan qizni quchoqlab, o‘pgan.

 

Hodisa vaqtida qiz uyda yolg‘iz bo‘lgan. Gumonlanayotgan erkak esa qizning ota-onasi buyurtma qilgan oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish uchun xonadonga kelgan.

 

Ta’kidlanishicha, oziq-ovqatni yetkazib berish vaqtida qiz eshikni ochgan. Shundan so‘ng erkak unga nisbatan nomaqbul xatti-harakat sodir etgan.

 

Voqeadan keyin qiz politsiyaga favqulodda qo‘ng‘iroq qilib, yuz bergan holat haqida xabar bergan.

 

Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, gumondor shaxs o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni tan olgan. U qizni “o‘ziga yoqadigan tip” deb bilgani sababli o‘zini tiya olmaganini bildirgan.

 

Avvalroq, O‘zbekistonda 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarga nisbatan jinsiy zoʻravonliklar uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi Senat tomonidan ma’qullangani haqida xabar berilgandi.