Uyushgan guruh tarkibida bezorilik sodir etgan 14 yoshga to‘lgan shaxslar uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Senatining rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
Joriy yil 2-oktyabr kuni Oliy Majlis Senatining 20-yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga uyushgan jinoyatchilik va jamoat tartibiga qarshi jinoyatlar uchun javobgarlikni yanada kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Majlisda uyushgan jinoyatchilik va jamoat tartibiga qarshi jinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan qonun ma’qullandi. Hujjat bilan jinoiy uyushmalarni moliyalashtirish, uyushgan guruh tomonidan bezorilik sodir etish va noqonuniy jangovar sport musobaqalarini tashkil etish kabi holatlar uchun yangi javobgarlik choralari belgilanmoqda.
Qayd etilishicha, qonun bilan uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashishning huquqiy mexanizmlarini kuchaytirishga qaratilgan qator muhim oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.
Jumladan, Jinoyat kodeksiga jinoiy uyushma faoliyatini moliyalashtirganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi yangi norma kiritilmoqda.
Shuningdek, jinoiy uyushma tashkil etilishi yoki uning tomonidan sodir etilgan jinoyatlarni yashirishga hokimiyat yoki mansab vakolatlarini suiisteʼmol qilish orqali homiylik qilganlik uchun ham alohida javobgarlik belgilanmoqda.
Bezorilik uchun jazo kuchaytiriladi
Qonun bilan uyushgan guruh tomonidan sodir etilgan bezorilik uchun javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda.
Xususan, jinoyat sodir etgunga qadar 14 yoshga to‘lgan shaxslarning uyushgan guruh tarkibida bezorilik sodir etganligi uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.
Bezorilik oqibatida qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish, shuningdek, jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lgan og‘ir shikast yetkazish uchun javobgarlikni kuchaytirish nazarda tutilmoqda.
Noqonuniy jangovar sport musobaqalari uchun ham javobgarlik belgilanadi
Bundan tashqari, jangovar sport turlari bo‘yicha sport musobaqalarini qonunga xilof ravishda tashkil etish yoki o‘tkazish uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda. Bunday musobaqalarda ishtirok etganlik uchun esa Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda alohida javobgarlik chorasi nazarda tutilmoqda.
Shu bilan birga, mazkur jinoyatlar bo‘yicha dastlabki tergovni qaysi organlar amalga oshirishiga oid protsessual normalar ham aniqlashtirilmoqda.
Senatorlar muhokama davomida Qonunning jinoiy uyushmalarning moliyaviy manbalarini cheklash, uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, yoshlarni jinoiy muhit ta’siridan himoya qilish hamda og‘ir oqibatlarga olib keluvchi zo‘ravonlik jinoyatlarining oldini olishdagi ahamiyatini ta’kidlagan.
Muhokama yakunida senatorlar Qonunni ma’qulladi.
Avvalroq, bolalarga nisbatan jinsiy zoʻravonliklar uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi Senat tomonidan ma’qullangani haqida xabar berilgandi.
