2025/2026 o‘quv yili boshida O‘zbekistondagi umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida 577,7 ming nafar o‘qituvchi faoliyat yuritgan. Ularning 72,5 foizini ayollar, 27,5 foizini esa erkaklar tashkil etgan.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025/2026 o‘quv yili boshida umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilar soni 577,7 ming nafarni tashkil etgan. Ushbu hisob-kitobda o‘rindoshlik asosida ishlayotganlar inobatga olinmagan.
Bu ko‘rsatkich 2024/2025 o‘quv yiliga nisbatan 12,8 ming nafarga yoki 2,3 foizga ko‘p.
O‘qituvchilarning aksariyati ayollar
Jami o‘qituvchilarning 418,8 ming nafari yoki 72,5 foizi ayollarni tashkil etadi.
Erkak o‘qituvchilar soni esa 158,9 ming nafar bo‘lib, umumiy ko‘rsatkichning 27,5 foiziga teng.
Hududlar kesimida o‘qituvchilar soni quyidagicha:
- Samarqand viloyati — 65,1 ming nafar;
- Qashqadaryo viloyati — 65,1 ming nafar;
- Farg‘ona viloyati — 60,6 ming nafar;
- Surxondaryo viloyati — 52,3 ming nafar;
- Andijon viloyati — 46,3 ming nafar;
- Namangan viloyati — 42,6 ming nafar;
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi — 40,7 ming nafar;
- Toshkent viloyati — 40,2 ming nafar;
- Xorazm viloyati — 35,1 ming nafar;
- Toshkent shahri — 34,1 ming nafar;
- Buxoro viloyati — 33,4 ming nafar;
- Jizzax viloyati — 25,7 ming nafar;
- Navoiy viloyati — 22,3 ming nafar;
- Sirdaryo viloyati — 14,2 ming nafar.
Statistikaga ko‘ra, o‘qituvchilar soni eng yuqori ko‘rsatkichga Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida ega bo‘lib, har bir hududda 65,1 ming nafardan pedagog faoliyat yuritmoqda.
Avvalroq, 2025/2026-o‘quv yili boshida O‘zbekistondagi oliy ta’lim tashkilotlarida tahsil olayotgan talabalar soni 1 million 535 ming nafarga yetgani haqida xabar berilgandi.
