O‘zbekistonda 1,5 milliondan ortiq talaba tahsil olmoqda: hududlar kesimidagi statistika

O‘zbekistonda 1,5 milliondan ortiq talaba tahsil olmoqda: hududlar kesimidagi statistika

2025/2026-o‘quv yili boshida O‘zbekistondagi oliy ta’lim tashkilotlarida tahsil olayotgan talabalar soni 1 million 535 ming nafarga yetdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.

 

Statistikaga ko‘ra, talabalarning mutlaq ko‘pchiligi bakalavriat bosqichida tahsil olmoqda. Jumladan, 1 million 478,7 ming nafar talaba bakalavriatda, 56,3 ming nafari esa magistratura yo‘nalishida o‘qimoqda. Bu magistratura talabalari umumiy talabalar sonining qariyb 3,7 foizini tashkil etishini ko‘rsatadi.

 

Hududlar kesimida talabalar soni quyidagicha:

 

  • Toshkent shahri — 579,3 ming nafar;
  • Buxoro viloyati — 117,7 ming nafar;
  • Qashqadaryo viloyati — 111,6 ming nafar;
  • Toshkent viloyati — 101,5 ming nafar;
  • Fargʻona viloyati — 98,9 ming nafar;
  • Samarqand viloyati — 93,9 ming nafar;
  • Surxondaryo viloyati — 76,2 ming nafar;
  • Qoraqalpogʻiston Respublikasi — 73,7 ming nafar;
  • Xorazm viloyati — 65,9 ming nafar;
  • Andijon viloyati — 65,7 ming nafar;
  • Namangan viloyati — 52,5 ming nafar;
  • Navoiy viloyati — 42,5 ming nafar;
  • Jizzax viloyati — 32,4 ming nafar;
  • Sirdaryo viloyati — 23,2 ming nafar.

 

Hududlar kesimida eng katta talaba kontingenti Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri keladi. Poytaxtdagi oliy ta’lim muassasalarida 579,3 ming nafar talaba tahsil olmoqda. Bu mamlakatdagi jami talabalar sonining qariyb 38 foizi demakdir.

 

Eng kam talaba Sirdaryo viloyatida bo‘lib, bu hududdagi oliy ta’lim muassasalarida 23,2 ming nafar talaba tahsil olmoqda.

 

Avvalroq, oliy ta’lim tashkilotlarida professor-o‘qituvchilar soni 49 mingdan oshgani haqida xabar berilgandi.