Talabalar bildirgan muammolar bo‘yicha oliygohlarga 162 ta ogohlantirish yuborildi

Talabalar bildirgan muammolar bo‘yicha oliygohlarga 162 ta ogohlantirish yuborildi

2026-yilgi Umummilliy talabalar so‘rovnomasi natijalari asosida ta’lim muhitidagi muammolar tahlil qilinib, salbiy ko‘rsatkich qayd etilgan oliygohlarga kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha choralar belgilandi. Jumladan, 162 ta ogohlantirish yuborilgan.

 

2026-yil 21-yanvardan 7-fevralga qadar “HEMIS” axborot tizimi orqali Umummilliy talabalar so‘rovnomasi o‘tkazildi. Unda qariyb 1 million respondent, jumladan, 890 ming nafar talaba va 48 ming nafar professor-o‘qituvchi ishtirok etgan.

 

So‘rovnoma orqali talabalar ta’lim dasturlari va o‘qitish sifati, professor-o‘qituvchilarning munosabati, baholash tizimining adolatliligi va shaffofligi, HEMIS platformasining qulayligi kabi masalalarga munosabatini bildirgan.

 

Shuningdek, bitiruvchilarni ishga joylashtirishga ko‘maklashish, raqamli xizmatlar, o‘quv auditoriyalari va laboratoriyalar holati, talabalar turar joylaridagi sharoitlar, o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlanganlik kabi yo‘nalishlarda ham muammolar qayd etilgan. Nogironligi bo‘lgan talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlar, psixologik bosim va kamsitish holatlari hamda akademik halollik muhiti ham o‘rganilgan.

 

So‘rovnoma dastlab 200 ta oliy ta’lim tashkilotini qamrab olgan. Shundan 99 tasi davlat, 72 tasi nodavlat va 29 tasi xorijiy oliygoh bo‘lgan. Belgilangan mezonlarga javob bermagan 49 ta oliygoh yakuniy tahlilga kiritilmagan. Shu sababli oliygohlar kesimidagi qiyosiy tahlil 151 ta OTM ma’lumotlari asosida shakllantirilgan.

 

Gender tarkibi va yosh ulushi

 

Respondentlarning yosh tarkibi bo‘yicha tahlil oliy ta’lim tizimida an’anaviy talabalik yoshidagi ishtirokchilar ustunlik qilishini ko‘rsatadi. So‘rovnomada qatnashgan talabalarning eng katta qismi – 50,62 foizi 18–20 yosh toifasiga mansub. Bu mazkur guruh asosan bakalavriat bosqichining dastlabki kurslarida tahsil olayotgan talabalardan shakllanganini ko‘rsatishi mumkin.

 

21–25 yoshdagi talabalar respondentlarning 28,38 foizini tashkil etgan. Ushbu toifaga bakalavriatning yuqori kurslari va magistratura bosqichida tahsil olayotgan talabalarning katta qismi kirishi mumkin. Umumiy hisobda 18–25 yoshdagi talabalar ulushi 79,0 foizga teng bo‘lib, so‘rovnoma ishtirokchilarining asosiy qismini tashkil etadi.

 

Kattaroq yosh guruhlarining ulushi nisbatan cheklangan. Jumladan, 26–30 yoshdagi talabalar 7,87 foizni, 31–40 yoshdagilar 8,89 foizni, 41–73 yosh oralig‘idagi respondentlar esa 2,23 foizni tashkil etgan. Shu tariqa, 25 yoshdan katta talabalarning umumiy ulushi 18,99 foizga teng bo‘lgan.

 

18 yoshga to‘lmagan talabalar ulushi 2,0 foizni tashkil etgan. Ushbu holat ayrim talabalarning umumiy o‘rta ta’limni nisbatan erta tamomlashi yoki muayyan ta’lim dasturlariga qabul xususiyatlari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

 

So‘rovnomada ishtirok etgan talabalarning gender tarkibida ayol respondentlar ulushi nisbatan yuqori. Natijalarga ko‘ra, ayollar 57,06 foizni, erkaklar esa 42,94 foizni tashkil etgan. Ayol va erkak respondentlar ulushi o‘rtasidagi farq 14,12 foiz punktga teng. Bu so‘rovnomada ayol talabalarning ishtiroki erkak talabalarga nisbatan yuqori bo‘lganini ko‘rsatadi.

 

Salbiy natija

 

Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi xabariga ko‘ra, tahlil natijalariga asosan salbiy natijalar qayd etilgan oliygohlarga 162 ta ogohlantirish yuborilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangan.

 

Bundan tashqari, bitiruvchilarning mehnat bozoridagi natijalarini baholash maqsadida “Bitiruvchilar sifati indeksi — BSI” ishlab chiqilgan. Mazkur mexanizm orqali oliygohlar o‘rtasidagi raqobatni rivojlantirish va talabalarni qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish ko‘zda tutilgan.

 

Oliygohlar xodimlarining kasbiy salohiyatini oshirish maqsadida xorijiy tashkilotlarda maqsadli stajirovkalar ham yo‘lga qo‘yilgan.