Mundus MAPP — Yevropa Ittifoqining Erasmus+ dasturi doirasida moliyalashtiriluvchi ikki yillik qoʻshma magistratura dasturi boʻlib, davlat siyosati va xalqaro munosabatlar sohasida chuqur bilim olmoqchi boʻlgan barcha mamlakat fuqarolari uchun ayni damda ochiq.
Dastur toʻrt yetakchi Yevropa universiteti — Central European University Private University (CEU PU, Avstriya), IBEI (Ispaniya), ISS (Niderlandiya) va University of York (Buyuk Britaniya) tomonidan birgalikda amalga oshiriladi.
Dasturda ishtirok etuvchi talabalar ikki yil mobaynida kamida ikkita turli mamlakatda tahsil olib, quyidagi toʻrtta ixtisoslashtirish yoʻnalishidan birini tanlaydi:
CEU PU–IBEI trek — Global Public Policy ixtisoslashuvi (Avstriya va Ispaniya);
CEU PU–York trek — European Public Policy ixtisoslashuvi (Avstriya va Buyuk Britaniya);
ISS–IBEI trek — Political Economy and Development ixtisoslashuvi (Niderlandiya va Ispaniya);
ISS–York trek — Governance and Development ixtisoslashuvi (Niderlandiya va Buyuk Britaniya).
Dastur tarkibiga majburiy amaliyot, tadqiqot safari va qishki maktab kiradi. Bitiruvchilar ikkita konsorsium universiteti tomonidan birgalikda beriladigan Master of Arts in Public Policy diplomini qoʻlga kiritadi.
Ushbu amaliyot dasturi kimlar uchun moʻljallangan?
Kamida uch yillik bakalavrlik diplomiga ega boʻlgan, akademik koʻrsatkichi GPA: kamida 3.17/4.0 yoki 2.1/Upper Second (birinchi va magistr darajasi uchun ham) boʻlgan talabgorlar hujjat topshirishi mumkin.
Shuningdek, dasturda qatnashish uchun IELTS Academic 7.0+, TOEFL IBT 95+, Cambridge C1/C2, PTE Academic 76+, yoki Duolingo 130+ (soʻnggi ikki yil ichida topshirilgan) boʻlishi talab etiladi.
Bundan tashqari, ariza berish vaqtidagi yashash joyi tanlangan trekdagi mamlakatlardan tashqarida boʻlishi shart (masalan, ISS–IBEI treki uchun Niderlandiya va Ispaniyadan tashqarida).
Stipendiyaga murojaat qiluvchilarning arizasi 2026-yil 1-dekabrga qadar qabul qilinadi va magistraturani oʻqimagan nomzodlarga stipendiyada ustunlik beriladi.
Dastur qanday imkoniyat va qulayliklarni taklif etadi?
Gʻoliblarga 2 yil davomida oyiga 1,400 yevrodan stipendiya toʻlanadi va 100% kontrakt qoplab beriladi. Shuningdek, tibbiy sugʻurta bilan taʼminlanadi va oʻqish davomida amaliyot qilish va qishki maktabda qatnashish imkoniyati yaratilib beriladi.
Dasturda hujjat topshirish quyidagi bosqichlardan iborat:
– rasmiy sahifadagi havoladan onlayn ariza formasiga oʻtish va faqat bitta trek tanlash;
– ariza formasini toʻldirish va quyidagi hujjatlarni yuklash:
– bakalavrlik diplomi va transkript (ingliz tiliga rasmiy tarjimasi bilan);
– ingliz tili sertifikati (IELTS, TOEFL, Cambridge, PTE yoki Duolingo);
– Motivatsion xat (Statement of Purpose) — shaxsiy va autentik tarzda yozilishi shart, AI yordamida yozilgan matnlar qabul qilinmaydi;
– CV;
– ikkita tavsiyanoma xati — tavsiyanoma beruvchilar talaba tomonidan onlayn forma orqali roʻyxatdan oʻtkaziladi. Tavsiyanoma beruvchi ariza topshirilgandan keyin 7 kun ichida xatni yuklaydi.
– stipendiyaga murojaat qilish uchun ariza formasidagi Funding boʻlimida tegishli variantni belgilash — alohida stipendiya arizasi talab etilmaydi;
– Arizani yakuniy yuborish va arizachilar portalini muntazam kuzatib borish.
Muhim! Ariza faqat CEU PU orqali qabul qilinadi — boshqa konsorsium universitetlari orqali topshirish imkoni yoʻq. CEU dasturlariga alohida ariza bermayotganlar uchun ariza toʻlovi talab etilmaydi.
Grant dasturi va ariza topshirish haqida batafsil quyidagi havola orqali bilib olish mumkin:
