Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanidagi davlat bog‘chasida 5 yoshli tarbiyalanuvchi qizga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etilgani yuzasidan munosabat bildirdi.
“Namanganda yuz bergan fojia haqida menga xabar berishdi. Bo‘lgan voqeani eshitib, g‘azabim ichimga sig‘may ketdi.
Nazarimda, bunday vahshiyona jinoyatlar uchun o‘lim jazosini qo‘llash kerak. Amaldagi qonunchilikda oliy jazo ko‘zda tutilmagan, shu bois javobgarlikni maksimal darajada kuchaytirish uchun qonun hujjatlariga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha taklif tayyorlayapmiz.Tegishli idoralarga barcha zarur ko‘rsatmalar berildi. Jinoyatchi qonun doirasidagi eng og‘ir jazoga tortiladi. Shuningdek, beparvoligi bilan bu qabohatga yo‘l ochgan, norasida bolani asray olmagan barcha masʼullar ham jazolanadi», – deydi Mirziyoyeva.
Avvalroq, Bosh prokuratura matbuot xizmati ham holat yuzasidan izoh berib, tergovni Bosh prokurorning o’zi nazorat qilayotganini ma’lum qilgan edi.
