“Namanganda zoʻrlangan qizaloqning oilasi boshqa shaharga koʻchiriladi, uy-joy bilan taʼminlanadi” — Shahnoza Mirziyoyeva

“Namanganda zoʻrlangan qizaloqning oilasi boshqa shaharga koʻchiriladi, uy-joy bilan taʼminlanadi” — Shahnoza Mirziyoyeva

Namanganda 5 yoshli bogʻcha tarbiyalanuvchisi bilan bogʻliq jinoyat ortidan uning oilasi boshqa shaharga koʻchiriladi va zarur reabilitatsiya bilan taʼminlanadi. Bu haqda Ijtimoiy milliy himoya agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari Shahnoza Mirziyoyeva maʼlum qildi.

 

Ijtimoiy milliy himoya agentligi masʼullari Namanganda 5 yoshli qizning zoʻrlanishi bilan bogʻliq holat yuzasidan munosabat bildirdi. Jumladan, direktor birinchi oʻrinbosari Shahnoza Mirziyoyeva qizaloq va uning oilasiga barcha zarur yordam koʻrsatilayotgani, zarur boʻlsa, ularning familiyasini oʻzgartirishga ham yordam berilishini maʼlum qildi.

 

«Namanganda besh yoshli qizaloq bilan bogʻliq fojia yuz berganidan beri ljtimoiy himoya milliy agentligi vaziyatni nazorat qilib kelmoqda. Ilk kunlardan mutaxassislarimiz va psixologlar qizaloq bilan, uning onasi bilan ishlamoqda. Bu ogʻir damda oilaga barcha zarur yordam va koʻmak koʻrsatilmoqda.

Oila boshqa shaharga koʻchib oʻtadi, uy-joy va zarur reabilitatsiya bilan taʼminlanadi. Oilaga toʻliq ijtimoiy yordam koʻrsatiladi, xususan, qizaloqning onasi oʻqish va ishga joylashishiga yordam beriladi. Zarur boʻlsa, familyasini oʻzgartirishga ham koʻmaklashiladi. Eng muhimi, bolajon va uning yaqinlari xavfsiz joyda yangi hayot boshlashlari uchun barcha zarur sharoitlar yaratiladi.

Prezident Administratsiyasi bu masalani alohida nazoratga olgan. Barcha masʼul idoralar ilk kunlardanoq ishga jalb qilingan. Mazkur jinoyat aslo jazosiz qolmaydi!», — deydi Shahnoza Mirziyoyeva.

Shuningdek, Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ushbu holatga nisbatan munosabat bildirib, jinoyatchi qonun doirasidagi eng og‘ir jazoga tortilishini ma’lum qilgan edi.