Andijonlik o‘quvchi qiz O‘zDJTUga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilindi

Andijonlik o‘quvchi qiz O‘zDJTUga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilindi

Andijon viloyati Oltinko‘l tumanidagi 48-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Marjona Adhamjonovaga maktabni tamomlagach, universitet bakalavriatida davlat granti asosida tahsil olish imkoniyati berildi.

 

Xabaringiz bor, 23-sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrif buyurib, faollar bilan uchrashgan edi. Uchrashuvda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim va salohiyatini ro‘yobga chiqarishi hamda orzu-maqsadlarini amalga oshirishi uchun imkoniyatlar yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

 

Ushbu tashrif doirasida Oltinko‘l tumani To‘ptik MFYda yashovchi, 48-umumta’lim maktabining 11-sinfida tahsil olayotgan Adhamjonova Marjona Elyorbek qiziga ham shunday imkoniyat berilgan.

 

Andijonlik o‘quvchi qiz O‘zDJTUga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilindi

 

Marjona maktabdagi o‘qishi bilan bir qatorda xorijiy tillarni o‘rganib kelmoqda. U ingliz tili hamda ona tili va adabiyoti fanlaridan milliy sertifikatlarga ega. Hozirda u kelgusi yili oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirish uchun tayyorgarlik ko‘rmoqda.

 

Uning bilimga bo‘lgan intilishi va erishgan natijalari inobatga olinib, Marjonaga O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti bakalavriatida davlat granti asosida tahsil olish imkoniyati berilgan.

 

Andijonlik o‘quvchi qiz O‘zDJTUga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilindi

 

Shu munosabat bilan universitet rektori Ilhomjon To‘xtasinov, universitet rahbariyati vakillari hamda viloyat va tuman mutasaddilari Marjonaning xonadoniga borib, uni ushbu voqea bilan tabriklagan.

 

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti tomonidan tayyorlangan sertifikat Marjonaga tantanali ravishda topshirilgan.