6 oyda 1 370 nafar o‘smir sudlandi: Voyaga yetmaganlar orasida jinoyatchilik nega ko‘paymoqda?

6 oyda 1 370 nafar o‘smir sudlandi: Voyaga yetmaganlar orasida jinoyatchilik nega ko‘paymoqda?

O‘zbekistonda 2026-yilning dastlabki 6 oyida 1 370 nafar voyaga yetmagan shaxs sudlangan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 115 nafarga yoki 9,1 foizga ko‘p. Mutaxassislar esa o‘smirlar jinoyat sodir etishining sabablarini faqat tarbiya yoki nazorat bilan bog‘lash yetarli emasligini ta’kidlamoqda.

 

Voyaga yetmaganlar orasidagi jinoyatchilik haqida gap ketganda, ko‘pincha jinoyatning o‘zi va unga nisbatan belgilangan jazo muhokama qilinadi. Biroq masalaning yana bir muhim tomoni — bolani shu nuqtaga olib kelgan sabablar.

 

“Mahalla” telekanalining “Joyida” informatsion dasturida voyaga yetmaganlar orasida jinoyatchilikning oldini olish masalasi muhokama qilindi.

 

2026-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda 1 370 nafar voyaga yetmagan shaxs sudlangan. Oliy sud matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, bu raqam 2025-yilning shu davriga nisbatan 115 nafarga ko‘p. Ya’ni voyaga yetmaganlar orasida sudlanganlar soni bir yil ichida 9,1 foizga oshgan.

 

Mutaxassislar fikricha, bu raqamlarni faqat jinoyat statistikasi sifatida ko‘rish yetarli emas. O‘smirning psixologik holati, oiladagi muhit, maktabdagi munosabatlar va uning atrofidagi ijtimoiy muhit ham masalaning muhim qismini tashkil etadi.

 

Psixolog: o‘smirning miya rivojlanishini tushunish kerak

 

Bolalar shifokori va psixolog Muazzam Ibrohimovaning ta’kidlashicha, o‘smirlik davrida inson miyasidagi ayrim jarayonlar faol rivojlanadi. Shu sababli bu yoshdagi bolalar tengdoshlari orasida tan olinish, rag‘bat yoki e’tirofga kuchli ehtiyoj sezishi mumkin.

 

“10–20 yosh orasidagi o‘smirlarda miya faoliyati o‘ta faollashadi. Miyada limbik hamda mukofot tizimlari boshqa yoshga nisbatan tez rivojlanadi”, — deydi mutaxassis.

 

Uning tushuntirishicha, o‘smir uchun tengdoshlari orasida qanday mavqega ega ekani, uni boshqalar tan olishi yoki undan qo‘rqishi kabi omillar muhim bo‘lib qolishi mumkin. Psixolog maktab va ota-onalar o‘rtasida bolani tarbiyalash mas’uliyatini bir-biriga yuklash ham muammoni hal qilmasligini ta’kidlaydi.

 

“Buni ota-onasi aybdor, biz aybdor emasmiz, biz faqat ilm berishimiz kerak, deb javob berishadi. Uydagi ota-ona esa: ‘Men yetarli tarbiyani qo‘limdan kelganicha beryapman, bu maktab aybdor’, deydi. Aslida aybni bir-biriga yuklashdan ko‘ra, o‘sha o‘smir fiziologiyasini, miya rivojlanishini ikkala tomon ham to‘g‘riroq tushunishi kerak”, — deydi Muazzam Ibrohimova.

 

Maktablarda psixologlar va konfliktologiya masalasi

 

Mutaxassis ta’lim muassasalarida psixologik yordam tizimini kuchaytirish zarurligini ham qayd etadi.

 

Uning fikricha, maktablarda psixologiya bilan bog‘liq bilimlarni o‘rgatishga yo‘naltirilgan darslarni takomillashtirish, maktab psixologlarining malakasini oshirish va konfliktlarning oldini olishga ko‘proq e’tibor qaratish kerak.

 

“Psixologlarni o‘zi qaytadan o‘qitishi kerak. Bitta psixolog shtati bor. U nimaga ulguradi? … Malakali psixologlarni olib kelib turib, konfliktologiya fanini o‘quv tizimiga joriy qilmayotgan tizimni ayblayapman”, — deydi u.

 

Psixolog konfliktologiya bo‘yicha bilimga ega bo‘lgan o‘qituvchi o‘quvchilar o‘rtasidagi kelishmovchilikni jiddiy mojaro darajasiga yetib borishidan oldin to‘xtatishi mumkinligini aytadi.

 

“Janjal o‘z-o‘zidan bir-birini urish darajasiga yetib bormaydi. Avval so‘zma-so‘z jang ketadi. O‘shanda agar konfliktologiyadan xabari bor, o‘qigan o‘qituvchi ma’lum bir nuqtada o‘zini to‘xtatadi”, — dedi Muazzam Ibrohimova.

 

Voyaga yetmaganlar uchun qonunda alohida tartiblar mavjud

 

Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudi tergov sudyasi Xurshid Sodiqov voyaga yetmaganlarning huquqiy maqomi va jinoyat ishlari bo‘yicha ularga nisbatan qo‘llanadigan tartiblar haqida ma’lumot berdi.

 

Sudyaning aytishicha, qonunchilikda voyaga yetmaganlar deganda 18 yoshga to‘lmagan shaxslar tushuniladi.

 

“Voyaga yetmaganlar deganda 18 yoshga to‘lmagan shaxslar tushuniladi.

Jinoyat ta’qibiga olingan voyaga yetmagan shaxsning huquqlarini himoya qilish jarayonida advokat bilan bir qatorda uning qonuniy vakillari — ota-onasi yoki ota-ona o‘rnini bosuvchi shaxslar ham ishtirok etadi”, — deydi Xurshid Sodiqov.

 

Sudyaning tushuntirishicha, voyaga yetmaganlarga nisbatan ehtiyot chorasi tanlashda ham qonunchilikda bir nechta imkoniyatlar mavjud. Jumladan, garov, shaxsiy kafillik, munosib xulq-atvorda bo‘lish haqidagi tilxat, uy qamog‘i yoki qamoqqa olish kabi ehtiyot choralari qo‘llanishi mumkin.

 

IIV: 3 mingga yaqin voyaga yetmagan profilaktik hisobdan chiqarildi

 

Reportajda Ichki ishlar vazirligi mas’ullarining voyaga yetmaganlar o‘rtasidagi jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqidagi ma’lumotlari ham keltirilgan.

 

Qayd etilishicha, amalga oshirilgan profilaktik tadbirlar natijasida 3 mingga yaqin voyaga yetmagan ichki ishlar organlarining profilaktik hisobidan chiqarilgan.

 

Shuningdek, tarbiyasida salbiy o‘zgarishlar kuzatilgan o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida 4 mingga yaqin o‘quvchi sport to‘garaklariga, 3 mingdan ortig‘i fakultativ to‘garaklarga, 1 mingdan ortig‘i esa “Barkamol avlod” markazlariga jalb qilingan.

 

Mutaxassislar fikricha, voyaga yetmaganlar jinoyatchiligining oldini olish faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vazifasi emas. Bu jarayonda ota-ona, maktab va jamiyatning ham mas’uliyati mavjud.

 

Farzandning vaqtini qanday o‘tkazayotgani, kimlar bilan muloqot qilayotgani va uning ruhiy holatidagi o‘zgarishlarni vaqtida payqash jinoyat sodir bo‘lishidan oldin muammoni aniqlashga yordam berishi mumkin.

 

Chunki bolani jinoyatdan qaytarishning eng yaxshi vaqti — u jinoyat sodir etganidan keyin emas, balki uning oldini olishdir.