Navoiyda bolalarni kaltaklab, tepgan bogʻcha tarbiyachisi 3 yilga qamaldi

Navoiyda bolalarni kaltaklab, tepgan bogʻcha tarbiyachisi 3 yilga qamaldi

Navoiy shahridagi xususiy bogʻchalarning birida 1 yoshdan 3 yoshgacha boʻlgan bolalarni kaltaklab kelgan tarbiyachiga nisbatan 3 yil qamoq jazosi tayinlandi.

 

Sud hujjatlari bilan tanishgan Daryo.uzning yozishicha, 2003-yilda tugʻilgan N.E. 2025-yil dekabrdan 2026-yil aprelgacha xususiy bogʻchada 1 yoshdan 3 yoshgacha boʻlgan bolalar guruhida tarbiyachi boʻlib ishlagan. U guruhdagi besh nafar bolani urib, ularga zoʻrlik ishlatib kelgan. Oqibatda bolalarga sogʻliqning buzilishiga olib kelmagan yengil tan jarohatlari yetkazilgan.

 

7-aprel kuni yordamchi tarbiyachi boʻlgan xodim holatni videoga olib, holatni oshkor qilgan. Uning soʻzlariga koʻra, mashgʻulot paytida ikki bola urishib qolgan va bundan jahli chiqqan N.E. ularning yuziga urib, yerga uloqtirgan va tepgan. Yordamchi barcha holatlarni videoga olishga ulgurmaganini, bolalar uxlamaganida ham tarbiyachi asabiylashib ularni urishini aytgan. Keyinchalik bu videolar ota-onalardan biriga yetib borgan.

 

Sudda kaltaklangan bolaning onasi farzandining xulqidagi oʻzgarishlarni videolar tarqalishidan ancha oldin sezganini, biroq bunga jiddiy eʼtibor bermaganini aytgan.

 

«Oxirgi ikki oyda farzandim bogʻchaga borishni xohlamay, injiqlik qilardi. Buni odatiy xarxasha deb oʻylaganman. Bir kuni oyogʻida koʻkarish paydo boʻldi. Nima boʻlganini soʻraganimda, hali toʻliq gapira olmasa ham, «urdi», dedi. Videolar tarqalgach, tarbiyachining suratini koʻrsatganimda uni koʻrsatdi. Shunda nega bogʻchaga borishni xohlamay, yigʻlaganini tushundim», — degan bolaning onasi sudda.

 

Boshqa ota-onalar ham farzandlarining tanasida koʻkarish va shilingan joylarni koʻrganini, ayrimlari esa bolasining ruhiy holatida oʻzgarishlar kuzatilganini aytgan. Onasining aytishicha, bolasi tinmay yigʻlaydigan, keyinchalik bola boshqa bolalarga qoʻshila olmay, baland ovoz eshitganda quloqlarini yopib, qoʻrqadigan boʻlib qolgan. Ayol hozir u bilan psixolog va logoped muntazam shugʻullanayotganini bildirgan.

 

Ota-onalar bolalardagi jarohatlar haqida soʻraganida, tarbiyachi buni ularning yiqilgani yoki oʻzaro urishgani bilan izohlab kelgan.

 

Sudlanuvchi N.E. sudda aybiga qisman iqror boʻlgan. U bolalarni urganini tan olgan, ammo bunday holat muntazam boʻlmaganini aytgan.

 

«Guruhdagi bolalardan biri doim shovqin qilib, boshqa bolalarni tishlardi. Bu haqda onasiga aytganimda, u «Agar aytganingizni qilmasa, oyoqchasidan uring», degandi. Oʻsha kuni ayrim bolalarni urib, tepganman, qulogʻidan tortganman. Oilaviy kelishmovchiliklar sabab asabiy edim. Biroq bolalarni muntazam urib kelmaganman», — degan sudlanuvchi.

 

Holat yuzasidan tayinlangan psixologik tekshiruv xulosasida bolalarda tarbiyachi bilan bogʻliq oʻta ogʻir travmatik holat, qoʻrquv va jismoniy zoʻravonlik alomatlari borligi tasdiqlangan. Mutaxassis tarbiyachining surati koʻrsatilganda bolalar choʻchib, ota-onasiga intilganini bildirgan.

 

Sud jabrlanuvchilar va guvohlarning koʻrsatmalari, videotasvirlar, sud-tibbiy ekspertiza xulosalari hamda psixologik tekshiruv natijalarini N.E.ning aybini tasdiqlovchi dalillar sifatida baholagan.

 

Jinoyat ishlari boʻyicha Navoiy shahar sudi N.E.ni Jinoyat kodeksining 110-moddasi 2-qismi «a», «v» bandlari (qiynash) bilan aybli deb topib, unga 3 yil 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan. Shuningdek, u 2 yil muddatga maktabgacha taʼlim muassasalarida tarbiyachi vazifasida ishlash huquqidan mahrum qilingan.