Qirg‘izistonda voyaga yetmaganlar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash rejalashtirilmoqda

Qirg‘izistonda voyaga yetmaganlar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash rejalashtirilmoqda

Qirg‘izistonda voyaga yetmaganlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklash masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda mamlakat Ma’rifat vaziri Dog‘durqul Kendirbayeva ma’lum qildi.

 

Qirg‘iziston Ma’rifat vaziri Dog‘durqul Kendirbayeva Jogorku Keneshdagi tegishli qo‘mita yig‘ilishida voyaga yetmaganlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlash masalasi ko‘rib chiqilayotganini aytgan.

 

“Biz bu masalani ko‘rib chiqyapmiz. Buning bo‘yicha tajribamiz bor. Masalan, darslarda telefonlardan foydalanishni taqiqlaganmiz. Hozir ulardan erkin foydalanish mumkin emas, faqat ayrim hollarda o‘qituvchilar nazorati ostida foydalanishga ruxsat beriladi”, — dedi vazir.

 

Kendirbayeva boshqa mamlakatlarda ham voyaga yetmaganlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlash bo‘yicha amaliyotlar mavjudligini qayd etgan.

 

U bu ayniqsa maktabda atigi uch soat bo‘lib, qolgan vaqtini uyda o‘tkazadigan boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun muhimligini ta’kidlagan.

 

“Bolalar ijtimoiy tarmoqlarda nazoratsiz o‘tiribdi. Ular u yerdan qanday ma’lumot olayotganini biz bilmaymiz”, — dedi vazir.

 

Eslatib o‘tamiz, 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlagan dunyodagi birinchi davlat Avstraliya bo‘lgan. Ushbu cheklov TikTok, YouTube, Instagram va Facebook kabi platformalarni ham qamrab olgan.

 

Avstraliyadan keyin boshqa davlatlarda ham ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishga yosh bo‘yicha cheklovlar joriy etilmoqda yoki bunday choralar muhokama qilinmoqda.

 

Jumladan, yaqinda Yevropa Ittifoqida 13 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlash rejalashtirilayotgani haqida xabar bergan edik. Taklifga ko‘ra, 13–14 yoshli bolalarga ota-onalar nazorati ostidagi cheklangan akkauntlardan foydalanishga ruxsat berilishi mumkin.

 

Shuningdek, avvalroq dunyodagi 114 ta ta’lim tizimida maktablarda mobil telefonlardan foydalanishga milliy darajada taqiq yoki cheklov mavjudligi haqida yozgan edik. Bu ko‘rsatkich 2023-yil iyunidagi 24 foizdan 2026-yil martiga kelib 58 foizga yetgan.