Saida Mirziyoyeva xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internati faoliyati bilan tanishdi. Mazkur ta’lim muassasasida 260 nafardan ziyod iqtidorli o‘quvchi ta’lim olmoqda.
Bugun, 15-sentyabr kuni Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internati faoliyati bilan tanishdi.
Mazkur ta’lim muassasasida 260 nafardan ziyod iqtidorli o‘quvchi ta’lim olishni boshlagan. O‘quv jarayonida STEM yo‘nalishiga — matematika, fizika, kimyo, biologiya va axborot texnologiyalariga alohida e’tibor qaratilgan.
O‘quvchilar ushbu fanlarni chuqur o‘zlashtirish bilan birga, loyihalar ustida ishlaydi, bilimlarini amaliyotda qo‘llash ko‘nikmalarini shakllantiradi hamda mustaqil tadqiqotlar olib boradi.
Xorijiy tillardan ingliz va xitoy tillari kuchaytirilgan tartibda o‘qitiladi. Shu bilan birga, o‘quv dasturining muhim qismi ona tili, O‘zbekiston tarixi, adabiyoti va madaniyatini o‘rganishga ajratilgan.
Saida Mirziyoyeva zamonaviy ta’lim berish bilan birga, o‘quvchilarda vatan tuyg‘usi, milliy o‘zlik va madaniyat bilan mustahkam aloqani shakllantirish muhimligini ta’kidlagan.
‘‘Yoshlarga zamonaviy ta’lim berib, kelajagi uchun keng imkoniyatlar eshigini ochar ekanmiz, ayni paytda ularga vatan tuyg‘usi, o‘zligi va milliy madaniyati bilan bog‘liqlikni doimiy singdirib borish zarur — menimcha, ta’limda eng to‘g‘ri yondashuv shu — deya yozadi Saida Mirziyoyeva telegram kanalida’’.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Saida Mirziyoyeva Buxoroda yangi qurilgan bog‘chaning ochilish marosimida ishtirok etgan edi.



