Saida Mirziyoyeva Buxoro viloyatiga tashrifi davomida may oyida qayta qurilishi belgilangan 21-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotining yangi binosi bilan tanishdi. Rekonstruksiya natijasida bog‘chaning sig‘imi 240 o‘ringa yetkazilib, hududdagi 3–6 yoshli bolalarni maktabgacha ta’lim bilan to‘liq qamrab olish imkoniyati yaratilgan.
Xabaringiz bor, joriy yilning 15-may kuni Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Buxoro viloyatiga tashrifi davomida 1977-yilda foydalanishga topshirilgan 21-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotining holatini ko‘zdan kechirgan edi.

Unda bog‘cha binosi bugungi talab va standartlarga javob bermasligi qayd etilib, uni qayta qurish bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berilgandi.
Bugun, 21-avgust kuni Saida Mirziyoyeva Buxoro viloyatiga navbatdagi tashrifi davomida mazkur bog‘chaning ochilish marosimida ishtirok etdi.
To‘liq rekonstruksiya qilingan maktabgacha ta’lim tashkilotida 100 ta yangi o‘rin yaratilib, muassasaning umumiy sig‘imi 240 o‘ringa yetkazilgan. Rekonstruksiya ishlari va qo‘shimcha o‘rinlarning yaratilishi natijasida hududdagi 3–6 yoshli bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi 100 foizga yetkazilgan.
Bog‘chani rekonstruksiya qilishda energiya samaradorligiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, bino devorlari bazalt asosidagi issiqlik izolyatsiyasi materiallari bilan qoplangan.
Shuningdek, muassasaga 40 kVt quvvatli quyosh fotoelektr panellari o‘rnatilishi rejalashtirilgan. Ushbu panellar orqali yiliga 55–65 ming kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish va bog‘chaning elektr energiyasi xarajatlarini kamaytirish ko‘zda tutilgan.



