Mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan xotin-qizlarga 2027-yil 1-yanvardan boshlab homiladorlik va tug‘ish ta’tili tugagan kundan farzandi 1 yoshga to‘lgunga qadar bolani parvarishlash nafaqasi to‘lanadi. Ushbu tartib Prezidentning yangi Farmoni bilan joriy etiladi.
Prezidentning 2026-yil 11-sentyabrdagi “Barqaror ish oʻrinlarini yaratish va kichik biznesni jadal rivojlantirish orqali aholi daromadlarini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 193-son Farmoni qabul qilindi.
Unga koʻra, “Saxovat va koʻmak”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” jamgʻarmalari saqlab qolingan holda ularning mablagʻlarini tasarruf etish hamda ular hisobidan ijtimoiy yordam va xizmatlar koʻrsatishni tashkil etish vakolatlari tuman (shahar) shtablariga oʻtkaziladi.
2027-yil 1-yanvardan:
- aholining ijtimoiy yordam va xizmatlarga muhtojligini oʻrganish hamda Ijtimoiy reyestrga kiritish ularning moliyaviy holatidan tashqari oila aʼzolaridagi surunkali kasalliklar, nogironlik, tashqi mehnat migratsiyasi, oilaning koʻp bolali ekanligi kabi mezonlar asosidagi koʻp oʻlchovli baholash tizimi orqali amalga oshiriladi;
- koʻp oʻlchovli baholash tizimi doirasida oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy holati balli skoring tizimi orqali baholanib, uning natijalariga koʻra oilalar tegishli toifalarga ajratilgan holda ijtimoiy yordam va xizmatlar bilan qamrab olinadi.
2027-yil 1-yanvardan mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan xotin-qizlarga ularga berilgan homiladorlik va tugʻish taʼtili tugagan kundan boshlab farzandi 1 yoshga toʻlgunga qadar Davlat ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasi tomonidan bolani parvarishlash nafaqasini toʻlash tartibi joriy etiladi.
Ijtimoiy reyestrning “davlat taʼminotidagi oila” toifasiga kiritilgan oilalar aʼzolariga oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 2026-yilda qoʻshimcha ravishda 100 mlrd soʻm, 2027-yilda 300 mlrd soʻm foizsiz kreditlar ajratiladi.
Avvalroq, homilador yoki uch yoshgacha farzandi bor ayol pedagoglar navbatdan tashqari attestatsiyada ishtirok etishi mumkinligi haqida ma’lumot berilgandi.
