Ehtiyojmand oila farzandlarini bepul o‘qitadigan tadbirkorlarga yer 1 mln so‘m boshlang‘ich narxda auksionga chiqariladi

Ehtiyojmand oila farzandlarini bepul o‘qitadigan tadbirkorlarga yer 1 mln so‘m boshlang‘ich narxda auksionga chiqariladi

Bugun, 9-sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yigʻilishda ehtiyojmand oila farzandlarini bepul oʻqitmoqchi boʻlgan tadbirkorlarga davlat yer uchastkalarini 1 million soʻm boshlangʻich narx bilan auksionga chiqarishga tayyor ekani taʼkidlandi.

 

Xabaringiz bor, joriy yil 3-sentyabr kuni davlat rahbari raisligida kambagʻallikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish boʻyicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqish masalalari yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazilgan edi.

 

Bugungi yigʻilishda ana shu vazifalar ijrosi, shtablar faoliyati va joylarda mavjud imkoniyatlardan foydalanish holati tanqidiy koʻrib chiqildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

 

Unda qishloq tumanlarida ehtiyojmand oila aʼzosini ishga olgan korxonalar uchun 1-oktyabrdan ushbu xodim boʻyicha ijtimoiy soliq stavkasi 2 foiz boʻlishi belgilandi.

 

Ushbu tashabbusning muhim sharti shundaki, bepul taʼlim olayotgan bolaning ota-onasi ishga joylashishi, farzandining muntazam darsga qatnashini taʼminlashi kerak. Natijada ota-ona ishli boʻladi, farzand esa sifatli taʼlim oladi.

 

Shu munosabat bilan tadbirkorlar bogʻcha, maktab va texnikum tashkil etish boʻyicha tayyor loyihalar taklifi bilan chiqib, ehtiyojmand oila farzandlarini bepul oʻqitmoqchi boʻlsa, davlat yer uchastkalarini 1 million soʻm boshlangʻich narx bilan auksionga chiqarishga tayyor ekani taʼkidlandi.

 

Bundan tashqari, maktab, texnikum, oliygoh va boshqa tashkilot binolarining boʻsh xonalarida, asosiy xonalarning darsdan tashqari vaqtlarida yoshlar, ayollar va ishsiz fuqarolarni kasb-hunar hamda tillarga oʻqitish muhitini yaratish vazifasi belgilandi.

 

Avvalroq, 3-sentyabrdagi videoselektor yig‘ilishida kelasi yildan Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar farzandlarining davlat va xususiy bog‘cha badali, o‘quv markazi to‘lovi, yo‘lkirasi hamda oliygohdagi yotoqxona xarajatlari vaucher orqali qoplab berilishi haqida ma’lum qilingandi.