Talabalikdagi stress: Ruhiy salomatlikni asrash uchun nimalarga e’tibor berish kerak?

Talabalikdagi stress: Ruhiy salomatlikni asrash uchun nimalarga e’tibor berish kerak?

 Talabalik davri yangi imkoniyatlari, do‘stlar va shaxsiy rivojlanish uchun muhim bosqich bo‘lsa-da, o‘qishdagi bosim, moliyaviy muammolar va kelajak haqidagi xavotirlar talabalarning ruhiy holatiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

 

Mental Health Foundation ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi o‘n yil ichida universitetlarga ruhiy salomatligi bilan bog‘liq muammolari borligini bildirgan talabalar soni besh baravarga oshgan. Shuningdek, ruhiy salomatlik bilan bog‘liq muammolarning 75 foizi 24 yoshgacha rivojlanadi. Britaniyalik bir guruh mutaxassislar ushbu ma’lumotlarni tahlil qilib, talabalar uchun ruhiy holatni yaxshilashga atalgan bir necha maslahatlarni tuzib chiqishdi.

 

O‘zingizni boshqalar bilan solishtirmang  

 

Talabalarning baholari, imkoniyatlari va shaxsiy sharoitlari bir xil emas. Shu sababli o‘z natijalarini boshqa talabalar bilan doimiy taqqoslash qo‘shimcha bosim keltirib chiqarishi mumkin.

 

Ijtimoiy tarmoqlarda ham boshqalarning hayoti faqat eng yaxshi tomonlari bilan ko‘rinishi mumkin. Kimdir tez-tez tadbirlarga borishi yoki katta yutuqlarga erishayotgandek ko‘rinishi uning hayoti to‘liq shunday ekanini anglatmaydi.

 

O‘qish va dam olish o‘rtasida muvozanatni saqlang

 

Universitetda o‘qish va shaxsiy hayot o‘rtasidagi chegara ba’zan yo‘qolib ketadi. Talaba darsdan tashqari vaqtda ham topshiriqlar haqida o‘ylashi mumkin.

 

Shu sababli kun davomida dam olish va o‘qishdan vaqtincha chalg‘ish uchun vaqt ajratish muhim. Doimiy ravishda ishlash ruhiy va jismoniy charchoqqa olib keladi.

 

Katta maqsadlarni kichik vazifalarga bo‘ling

 

Bitiruv, imtihonlar yoki kelajakdagi kasb haqida bir vaqtning o‘zida o‘ylash vazifalarni yanada og‘ir ko‘rsatadi.

 

Bunday vaziyatda uzoq muddatli maqsad o‘rniga qisqa muddatda bajarish mumkin bo‘lgan vazifalarni belgilash tavsiya etiladi. Masalan, “semestrni muvaffaqiyatli yakunlashim kerak” degan katta maqsad o‘rniga bugun bajarilishi kerak bo‘lgan bitta topshiriqqa e’tibor qaratish mumkin.

 

Kichik yutuqlarni ham qadrlang

 

Universitetdagi muvaffaqiyat faqat yuqori baholar bilan o‘lchanmaydi. Topshiriqni o‘z vaqtida topshirish, loyihada faol ishtirok etish, jamoada ishlash yoki murakkab vazifani yakunlash ham e’tirof etishga arziydigan natijalardir.

 

Talabalik davrida muloqot qilish, mustaqil qaror qabul qilish va jamoada ishlash kabi ko‘nikmalar ham shakllanadi.

 

Moliyaviy muammolarni yolg‘iz hal qilishga urinmang

 

Moliyaviy qiyinchiliklar ham stress va xavotirni kuchaytiradigan asosiy omillardan biri. Bunday vaziyatda muammoni yaqin inson bilan muhokama qilish yoki universitet tomonidan taqdim etiladigan yordam imkoniyatlarini o‘rganish tavsiya etiladi.

 

Mental Health Foundation ma’lumotlarida talabalar orasida 31 foizi pulni tejash uchun ovqatlanishni qisqartirgani, 64 foizi esa xarajatlarning oshishi sababli yarim stavkada ishlayotgani qayd etilgan.

 

O‘zingiz uchun qulay ijtimoiy hayotni tanlang

 

Boshqalar bilan muloqot qilish muhim, biroq barcha tadbirlarda qatnashish yoki doimo faol ijtimoiy hayot kechirish shart emas.

 

Har bir talabaning qiziqishi va qulaylik darajasi turlicha. Shuning uchun tadbir yoki uchrashuvga boshqalar borayotgani uchun emas, o‘zingiz xohlaganingiz uchun borish ma’qul. O‘zingizga qulay chegaralarni belgilash ruhiy holatni asrashga yordam beradi.

 

Yordam so‘rashdan qo‘rqmang

 

O‘qishdagi qiyinchiliklar yoki shaxsiy muammolar sabab o‘zingizni haddan tashqari bosim ostida his qilsangiz, vaziyat yanada og‘irlashishini kutmasdan yordam so‘rash muhim.

 

Buning uchun ishonchli do‘st, oila a’zosi, tyutor, akademik maslahatchi yoki universitetning talabalarni qo‘llab-quvvatlash xizmatlariga murojaat qilish mumkin.

 

Mutaxassislar yordam so‘rashda uyat yo‘qligini va muammo kuchayib ketishidan oldin kim bilandir gaplashish foydali ekanini ta’kidlaydilar.

 

O‘zingizga nisbatan mehribon bo‘ling

 

Har doim eng yuqori bahoni olish yoki barcha qo‘shimcha tadbirlarda qatnashish shart emas. Talabalik davrida erishilgan kichik natijalarni ham qadrlash va o‘ziga ortiqcha talab qo‘ymaslik muhim.

 

Agar ruhiy holatingiz uzoq vaqt davomida yomonlashsa yoki kundalik hayotingizga sezilarli darajada ta’sir qila boshlasa, mutaxassisdan yordam so‘rash tavsiya etiladi.

 

Demak, talabalik davrida yuqori natijalarga intilish bilan birga o‘z ruhiy salomatligiga ham e’tibor qaratish lozim. O‘zini boshqalar bilan solishtirmaslik, vazifalarni bosqichma-bosqich bajarish, dam olishga vaqt ajratish va muammolar yuzaga kelganda yordam so‘rash bu jarayonni yengilroq o‘tkazishga yordam beradi.

 

Avvalroq, dunyoning mashhur universitetlaridagi noodatiy an’analar haqida maqola tayyorlagan edik.