Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Talimxabarlari.uz’ga ma’lum qilishicha, super-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilingan talabalar shartnoma olgan kundan boshlab darslarda ishtirok etishi mumkin.
Xabaringiz bor, bir qator oliy ta’lim tashkilotlarida 2026/2027-o‘quv yili uchun super-kontrakt narxlari e’lon qilinmoqda. Shuningdek, ayrim OTMlarda tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qish uchun ariza qabul qilish ham boshlangan.
Abituriyentlar kontrakt.edu.uz platformasi orqali super-kontrakt miqdorini bilishi va tegishli OTMda o‘qish uchun ariza topshirishi mumkin.
Talimxabarlari.uz super-kontrakt asosida o‘qishga kirgan talabalar uchun darslar qachondan boshlanishi masalasida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga murojaat qildi. Vazirlikning ma’lum qilishicha, super-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilingan talabalar shartnoma olgan kundan boshlab darslarga qatnashishi mumkin.
Ma’lumot uchun, 2026/2027-o‘quv yili qabulida kirish imtihonlarida kamida 56,7 ball to‘plagan va asosiy qabul chegarasiga 4,05 ballgacha yetmagan abituriyentlar tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga kirishi mumkin.
Bunda super-kontrakt miqdori asosiy qabul chegarasiga yetmagan ball miqdoriga qarab quyidagicha belgilanadi:
- 1,05 ballgacha yetmaganlar — bazaviy kontraktning 1,5 baravari;
- 1,06–2,05 ballgacha yetmaganlar — 2 baravari;
- 2,06–3,05 ballgacha yetmaganlar — 2,5 baravari;
- 3,06–4,05 ballgacha yetmaganlar — 3 baravari miqdorida to‘lov-kontrakt to‘laydi.
Asosiy qabul chegarasiga 4,06 ball va undan ko‘proq yetmagan, biroq belgilangan minimal balldan yuqori natija qayd etgan abituriyentlar uchun esa super-kontrakt miqdorini OTM rektori mustaqil belgilaydi.
Avvalroq, super-kontrakt boʻyicha eng koʻp soʻralgan savollarga javoblar haqida xabar e’lon qilingan edi.
