Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan o‘tkazilgan ovozli chatda huquqshunoslik fanidan milliy sertifikat imtihonlarini tashkil etish tartibi, test savollarining mazmuni, elektron format va natijalarni e’lon qilish muddatlari haqida ma’lumot berildi.
4-sentyabr kuni Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan 2026-yilning ikkinchi yarim yilligida o‘tkaziladigan sertifikat imtihonlariga bag‘ishlangan ovozli chat o‘tkazildi.
Unda huquqshunoslik fanidan milliy sertifikat imtihonini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va imtihon qanday tartibda tashkil etilishi haqida ma’lumot berildi.
Agentlik xodimining ma’lum qilishicha, huquqshunoslik fanidan test topshiriqlari spetsifikatsiyasini ishlab chiqishda huquqshunoslik fani o‘qituvchilari, Toshkent davlat yuridik universiteti professorlari hamda Adliya vazirligi mutaxassislari kabi sohaga aloqador mutaxassislarning fikrlari o‘rganilgan.
Mazkur spetsifikatsiya asosida dastlabki namunaviy test varianti tayyorlangan va 26-avgust kuni uning aprobatsiyasi o‘tkazilgan.
Aprobatsiya natijalari tahlil qilinib, zarur hollarda test topshiriqlari formati va imtihon tizimiga o‘zgartirishlar kiritilishi aytildi. Bir necha marotaba aprobatsiya o‘tkazilgach, test varianti spetsifikatsiyasi yakuniy holatga keltirilib, tasdiqlanadi.
Shundan so‘ng namunaviy testlar Agentlikning rasmiy saytiga joylashtiriladi. Bu huquqshunoslik fanidan milliy sertifikat imtihonida qatnashishni rejalashtirayotgan talabgorlarga tayyorgarlik ko‘rishda yordam beradi.
Huquqshunoslik fanidan milliy sertifikat imtihonining dastlabkisi 23-dekabr kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Test varianti spetsifikatsiyasi va namunaviy test varianti imtihondan kamida bir oy oldin e’lon qilinishi ma’lum qilindi.
Savollar umumiy o‘rta ta’lim o‘quv dasturlari, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar asosida shakllantiriladi. Bunda qonunchilik hujjatlariga faqat amaldagi o‘quv dasturlari doirasida murojaat qilinishi ta’kidlandi.
Shuningdek, huquqshunoslik fanidan milliy sertifikat imtihonini elektron shaklda, ya’ni kompyuterda o‘tkazish rejalashtirilgan. Biroq imtihonning elektron shaklda o‘tkazilishi natijalar darhol e’lon qilinishini anglatmaydi.
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, amaldagi tartibga ko’ra, imtihon yakunlanganidan so‘ng natijalar 21 ish kuni ichida e’lon qilinadi.
Avvalroq, milliy sertifikat imtihoni boʻyicha qanday oʻzgarishlar boʻlganligi haqida xabar bergan edik.
