Chiroqchi tumanidagi maktab direktori tarix fani o‘qituvchisidan qo‘shimcha dars soatlari olib berish evaziga 400 dollar olgani aniqlandi. Unga 2 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
2026-yil 20-avgust kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Shahrisabz tuman sudida mazkur jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan.
Sudda aniqlanishicha, sudlanuvchi Chiroqchi tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori lavozimida ishlab kelgan.
U maktabning tarix fani o‘qituvchisiga dars soatlarini ko‘paytirib berishini aytib, 2026/2027-o‘quv yili uchun qo‘shimcha 10 soat dars berish evaziga 700 AQSh dollari talab qilgan.
Sud hujjatlariga ko‘ra, direktor dastlab 2025-yil 26-may kuni 50 AQSh dollarini olgan. Keyinchalik qolgan 400 AQSh dollarini olish vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ushlangan.
Unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 210-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilib, 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Avvalroq, Xorazmda pora olgan maktab direktoriga 3 yil qamoq jazosi tayinlangani haqida xabar berilgan edi.
