Davlat oliy ta’lim tashkilotlari magistraturasiga kontrakt asosida o‘qishga kirgan xotin-qizlarning o‘quv yili uchun bazaviy to‘lov-kontrakt summasi davlat budjeti hisobidan to‘liq qoplab beriladi. Buning uchun talabgorlar 15-sentyabrga qadar o‘zi ta’lim olayotgan OTM rektori nomiga ariza topshirishi kerak.
Kecha, 2-sentabr kuni 2026/2027-o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim tashkilotlarining magistratura mutaxassisliklariga qabul natijalari e’lon qilindi.
Amaldagi tartibga ko‘ra, davlat OTMlari, shuningdek, Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi hamda Bank-moliya akademiyasi magistraturasida kontrakt asosida tahsil olayotgan barcha xotin-qizlarning o‘quv yili uchun bazaviy to‘lov-kontrakti davlat budjeti hisobidan qoplab beriladi.
Bunda kontraktning stipendiyasiz bazaviy summasi to‘liq qoplanadi. Tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt summasi esa davlat tomonidan qoplab berilmaydi.
Kontraktni qoplab berish uchun talaba o‘zi ta’lim olayotgan OTM rektori (filial direktori) nomiga 15-sentyabrga qadar ariza bilan murojaat qilishi lozim. Ushbu muddatdan keyin topshirilgan arizalar ko‘rib chiqilmaydi.
OTM taqdim etilgan arizalarni uch ish kuni ichida ko‘rib chiqadi va talabgorlar ro‘yxatini shakllantiradi. Shundan so‘ng mablag‘lar belgilangan tartibda OTM hisobvarag‘iga o‘tkaziladi. OTM rektori tomonidan kontraktni davlat budjeti hisobidan qoplab berish to‘g‘risida buyruq o‘quv yilining 15-oktyabriga qadar qabul qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, ushbu imtiyoz Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universitetida umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining oliy malaka toifasiga ega o‘qituvchilari uchun maqsadli tashkil etilgan magistraturaga tatbiq etilmaydi.
