Kontrakt asosida o‘qishga qabul qilingan yoki tahsil olayotgan talabalar belgilangan tartibda ta’lim krediti olishlari mumkin. Bunda ta’lim krediti faqat kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan talabalarga ajratiladi. Uning miqdori talabaning o‘qish bosqichi va o‘zlashtirish ko‘rsatkichiga qarab belgilanadi.
Prezidentning 2024-yil 27-maydagi PF–82-son Farmoniga muvofiq, 2024/2025-o‘quv yilidan boshlab oliy va professional ta’lim tashkilotlari talaba va o‘quvchilariga ta’lim krediti ajratish tartibi o‘zgartirilgan.
Unga ko‘ra, ta’lim krediti oliy va professional ta’lim tashkilotlarida kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan talaba va o‘quvchilarga ajratiladi.
Oliy ta’lim tashkilotlarining birinchi bosqich talabalari uchun ta’lim krediti to‘lov-kontrakt summasi miqdorida ajratiladi. Ya’ni birinchi bosqich talabasi uchun kredit miqdori uning to‘lov-kontrakt summasini to‘liq qoplash imkonini beradi.
Ikkinchi va undan yuqori bosqich talabalari uchun ta’lim krediti miqdori fanlarni o‘zlashtirishning o‘rtacha ko‘rsatkichiga qarab belgilanadi.
Agar talabaning o‘rtacha o‘zlashtirish ko‘rsatkichi “3” va undan yuqori bo‘lsa, ta’lim krediti to‘lov-kontrakt summasi miqdorida ajratiladi.
Agar o‘rtacha ko‘rsatkich “3” dan past bo‘lsa, ta’lim krediti to‘lov-kontrakt summasining ko‘pi bilan 80 foizi miqdorida ajratiladi. Bunda kredit ajratilishidan oldin kontrakt summasining dastlabki 20 foizi talaba tomonidan to‘lanishi kerak.
Bunda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan oilalarning ta’lim olayotgan a’zolari uchun mazkur cheklov qo‘llanmaydi. Ularga o‘zlashtirish ko‘rsatkichi “3” dan past bo‘lgan taqdirda ham ta’lim krediti to‘lov-kontrakt summasi miqdorida ajratiladi.
Ta’lim kreditini Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali olish mumkin.
Buning uchun foydalanuvchi portalning ‘‘Ta’lim’’ bo‘limidagi tegishli xizmatni tanlab, ro‘yxatdagi tijorat banklaridan birini hamda bank joylashgan hududni belgilaydi.
Shundan so‘ng arizada birgalikda qarz oluvchi va kafilning ma’lumotlari kiritiladi.
Tizim ularning my.gov.uz platformasidagi shaxsiy kabinetiga tasdiqlash uchun xabarnoma yuboradi.
Xabarnomalar tasdiqlangach, ariza avtomatik ravishda tijorat bankiga yuboriladi. Arizalar tegishli tijorat banki tomonidan 5 ish kunida ko’rib chiqiladi.
Oliy ta’lim tashkilotlari talabalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar HEMIS va kontrakt.edu.uz tizimlarida mavjud bo‘lishi lozim.
Nodavlat va xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari ham talabalarining to‘lov-kontrakt haqidagi ma’lumotlarini kontrakt.edu.uz tizimi orqali shakllantirishi uchun o‘z axborot tizimlarini mazkur tizimga integratsiya qilishi yoki undan foydalanishi belgilangan.
Ta’lim krediti olish uchun quyidagi banklarga murojaat qilish mumkin:
- Xalq banki;
- O‘zSQB;
- O‘zmilliybank;
- Agrobank;
- Asakabank;
- MKBank;
- Aloqabank;
- Hamkorbank;
- BRB;
- Turonbank;
- OFB.
Ta’lim kreditini o‘qish tamomlanganidan keyin 7 oy o‘tgach to‘lash boshlanadi. Kredit 7 yil davomida qaytariladi.
O‘g‘il bolalar uchun kredit foizi Markaziy bankning asosiy stavkasi asosida belgilanadi. Qizlarga esa foizsiz ta’lim krediti ajratiladi.
Ta’lim krediti super-kontraktda o‘qiydiganlar, sirtqi, kechki yoki masofaviy ta’lim shaklidagi talabalarga berilmaydi.
Shuningdek, xorijdagi oliy ta’lim muassasalarida o‘qiyotganlar ham ta’lim kreditini ololmaydi.
