Bilim va malakalarni baholash agentligi abituriyentlar uchun sertifikatlash tizimini kengaytirish va imtihonlarni elektron shaklga o‘tkazish ustida ish olib bormoqda. Bu haqda 17-avgust kuni 2026/2027-o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalariga qabulning yakuniy natijalariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Xabaringiz bor, joriy yil 17-avgust kuni Bilim va malakalarni baholash agentligi ishtirokida 2026/2027-o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalariga qabulning yakuniy natijalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Unda BMBA direktori o‘rinbosari Farhod Mirzayevning Talimxabarlari.uz muxbiriga abituriyentlar uchun sertifikatlash tizimini yanada ko‘proq amaliyotga joriy etish rejalashtirilayotganini ta’kidladi.
Agentlik direktori o‘rinbosarining qayd etishicha, sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentlarda imtihon jarayonidagi stress darajasi nisbatan kamaygan. Bu yilgi qabul natijalari ham sertifikatga ega abituriyentlar uchun juda yaxshi imkoniyat bo‘lgan.
Ayrim abituriyentlar orasida 3 ta, 4 ta yoki 5 ta sertifikatga ega bo‘lganlar ham bo‘ldi. Yoki shu 1 ta majburiy fandan topshirganlar ham yuqori stressga tushmadi. Chunki abituriyentlarda ishonch bor, sertifikatga ega, to‘plagan ballini biladi. ‘Bu fandagi sertifikatim shu yo‘nalishlarga o‘tadi’, degan o‘ziga ishonch hosil bo‘ldi, — dedi u.
Shu bilan birga, sertifikat imtihonlari tizimida ayrim o‘zgarishlar bo‘lishi qayd etildi.
BMBA departament boshlig‘i Javlonbek Nurmatovning ta’kidlashicha, milliy sertifikatlarini bosqichma-bosqich elektron shaklda o‘tkazish reja qilingan.
Dastlabki qadamlarni 2-yarimyillik grafigi e’lon qilinganda qo‘shimcha xabar beriladi. Talabgorlar miqdori kam bo‘lgan imtihonlarni to‘liq elektron shaklda bosqichma-bosqich o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
Farhod Mirzayevning so‘zlariga ko‘ra, agentlik tomonidan 50 dan ortiq test sinovlari o‘tkazilayotgan bo‘lsa shundan 30 foizdan ortiqrog‘ini elektron shaklda tashkil etilgan.
Asosiy maqsadimiz — katta testlardan voz kechish. Yaqinda ikkinchi yarim yillik jadvalni e’lon qilamiz, shu o‘rinda, ko‘proq imtihonlarimizni bosqichma-bosqich elektron formatga o‘tkazish ustida ish olib boryapmiz. Hozirda ikkita umumta’lim fanidan sertifikat imtihonlarini elektron shaklda o‘tkazyapmiz. Shuningdek, CEFR bo‘yicha nemis va fransuz tillari imtihonlarini ham elektron shaklga o‘tkazish masalasi rejalashtirilgan, — dedi BMBA direktori o‘rinbosari.
Avvalroq, mazkur matbuot anjumanida talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlar uchun davlat OTMlarida qolgan vakant o‘rinlarga qo‘shimcha tanlov o‘tkazilishi yuzasidan ham ma’lumot berilgandi.
Shuningdek, sertifikati bor abituriyentlarga maksimal ball berish mexanizmi qayta ko‘rib chiqilayotgani haqida xabar bergan edik.
