2026/2027-o‘quv yilining I choragida ixtisoslashtirilgan maktablarda tahsil olayotgan o‘quvchilarni bir hududdan boshqa hududga ko‘chirish uchun arizalar qabuli boshlandi. Arizalarni 27-avgustga qadar transfer.piima.uz platformasi orqali elektron shaklda yuborish mumkin.
Bugundan, 19-avgustdan boshlab Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablarda o‘qiyotgan o‘quvchilarni boshqa hududdagi ixtisoslashtirilgan maktabga ko‘chirish uchun ariza topshirish mumkin.
Arizalar ota-onalar yoki o‘quvchining qonuniy vakillari tomonidan transfer.piima.uz platformasi orqali elektron shaklda yuboriladi. Arizalarni qabul qilish muddati yakunlangach, murojaatlar 10 ish kuni davomida ko‘rib chiqiladi va javob platforma orqali yuboriladi.
Ariza topshirishda quyidagi ma’lumot va hujjatlar talab etiladi:
— ota-ona yoki qonuniy vakilning F.I.O. va telefon raqami;
— o‘qishni ko‘chirish sababi;
— o‘quvchining F.I.O., tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasining seriyasi va raqami;
— o‘quvchi tahsil olayotgan maktab, sinf, yo‘nalish hamda ko‘chirmoqchi bo‘lgan maktab haqidagi ma’lumotlar;
— o‘qishni ko‘chirishga asos bo‘luvchi hujjatning PDF formatdagi nusxasi.
Ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchisining davlat tashkilotida ishlaydigan ota-onasi boshqa hududga ishga o‘tgan bo‘lsa, o‘quvchini tegishli hududdagi ixtisoslashtirilgan maktabga bo‘sh o‘rin mavjud bo‘lgan taqdirda ko‘chirishga ruxsat etiladi.
Biroq joriy yilda qabul e’lon qilingan maktablarning tegishli sinflariga o‘quvchilarni ko‘chirish imkoniyati mavjud emas. Mazkur sinflarga qabul qilingan o‘quvchi o‘qishni davom ettirmagan taqdirda, uning o‘rniga kirish imtihonlari natijalari bo‘yicha navbatdagi eng yuqori ball to‘plagan talabgor taklif etiladi.
Ariza yuborilgandan so‘ng avtomatik tarzda taqdim etiladigan kalit so‘zni saqlab qo‘yish lozim. U orqali arizaning holatini kuzatish mumkin. Belgilangan hujjatlar to‘liq ilova qilinmasa, ariza rad etilishi mumkin.
