Prezidentning 2026-yil 13-avgustdagi tegishli Farmoyishi bilan ta’lim sohasida faoliyat yuritayotgan uch nafar mansabdor “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Prezidentning 2026-yil 13-avgustdagi “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlash to‘g‘risidagi Farmoyishi bilan bir qator xususiy tashkilotlar rahbarlari “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoniga munosib ko‘rilgan.
Farmoyishga ko‘ra, milliy iqtisodiyotning barqaror rivojlanishiga, mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga, tadbirkorlik sohasida ilg‘or tajriba va an’analarni rivojlantirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan, shuningdek, innovatsion g‘oya va tashabbuslari bilan samarali faoliyat yuritayotgan bir necha shaxslar “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.
Ular orasida ta’lim sohasida faoliyat yuritayotgan quyidagi uch nafar tadbirkor ham bor:
- Sayfutdinova Shaxnoza Alisher qizi — Marhamat tumanidagi “XXI asr akademiyasi” nodavlat ta’lim muassasasi rahbari, Andijon viloyati;
- Raxmonova Dilfuza Tojiddinovna — Qarshi shahridagi Axborot texnologiyalari va menejment universiteti ta’sischisi, Qashqadaryo viloyati;
- Ishmuxamedov Umidjon Kudratillayevich – Chilonzor tumanidagi “Edu Action” mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi raisi, Toshkent shahri.
Farmoyishda ta’kidlanishicha, mukofotlanganlar o‘zining izlanuvchanligi, kreativ g‘oya va tashabbuslari bilan mamlakatning ishlab chiqarish va eksport salohiyatini oshirish, sohaga innovatsion texnologiyalarni joriy etish, aholi bandligi va farovonligini ta’minlashga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Shuningdek, ularning biznesdagi salmoqli natijalari hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki taqdirlash uchun asos sifatida qayd etilgan.
Avvalroq, fidoyi volontyorlar uchun maxsus ko‘krak nishoni ta’sis etilayotgani haqida xabar bergan edik.

