Maktabgacha ta’limda inklyuziv ta’lim qamrovi 78 foizga, oliy ta’limda esa 47,7 foizga oshgan

Maktabgacha ta’limda inklyuziv ta’lim qamrovi 78 foizga, oliy ta’limda esa 47,7 foizga oshgan

Oliy Majlis Senatida inklyuziv va sifatli ta’limni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Bugungi kunda 2 610 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabida inklyuziv ta’lim sinflari tashkil etilgan bo‘lib, ularda alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan 6,8 ming nafar bola tahsil olmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Senati matbuot xizmati xabar berdi.

 

Joriy yil 12-avgust kuni Oliy Majlis Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi tomonidan Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligi doirasida “Inklyuziv va sifatli ta’limni rivojlantirish – inson kapitaliga investitsiya” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

 

Unda maktabgacha va oliy ta’lim qamrovini oshirish, ta’lim sifatini yaxshilash hamda alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun inklyuziv ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.

 

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonda maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasi 27,7 foizdan 78 foizga, oliy ta’lim bilan qamrov esa 8,3 foizdan 47,7 foizga yetkazilgan.

 

Ayni paytda 2 610 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabida inklyuziv ta’lim sinflari faoliyat yuritmoqda. Ushbu sinflarda alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan 6,8 ming nafar bola tahsil olmoqda.

 

Maktabgacha ta’lim tizimida ham inklyuziv guruhlar tashkil etilgan. Xususan, 248 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotidagi 519 ta inklyuziv guruhda 1 753 nafar bola tarbiyalanmoqda.

 

Tadbirda qayd etilishicha, hududlardagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarini alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun moslashtirish, ularni panduslar, taktil yo‘laklar, liftlar va maxsus sanitariya xonalari bilan ta’minlash zarurligi ta’kidlangan.

 

Shuningdek, yig‘ilishda inklyuziv ta’limni tamomlagan yoshlarning professional ta’lim va oliy ta’lim muassasalarida teng huquq asosida tahsil olishini ta’minlash, shuningdek, keyinchalik ularni munosib ish bilan ta’minlashda mahalliy Kengashlar va jamoatchilik ishtirokini kuchaytirish masalalari ham ko‘rib chiqilgan.

 

Davra suhbati yakunida inklyuziv ta’limni rivojlantirishga qaratilgan dasturlar ijrosini sifatli ta’minlash bo‘yicha tegishli tavsiyalar qabul qilingan.

 

Avvalroq, alohida ta’lim ehtiyojlari boʻlgan bolalar uchun koʻp funksional inklyuziv-resurs maktablari tashkil etish bo‘yicha hukumat qarori qabul qilingani haqida xabar bergan edik.

Bilimni baholash agentligi

AI bot abituriyentlarga yo'nalish tanlashga yordam beradi

Bilim va malakalarni baholash agentligi ma'lumotlari asosida.

Telegram'da ochish